10:10 / 17.07.2021
8072
Dehqonobodning eng chekka qishlog‘i obod bo‘lyapti

Obod qishloq va obod mahalla dasturlarini amalga oshirishda birinchi navbatda hududlarning resurs imkoniyatlari, aholining turmush darajasi kabi omillar alohida e'tiborga olinadi.

Dehqonobod tumanining Oqqishloq mahallasi joriy yilda “Obod qishloq” dasturiga kiritildi. Qishloqqa viloyat markazidan bir kunda zo‘rg‘a yetib borish mumkin. Olis va egri tog‘ yo‘llari yillar davomida hududning rivojlanishiga to‘siq bo‘lib kelgan. Odamlarning turmush tarzini og‘irlashtirgan.

Aytish mumkinki, hudud “Obod qishloq” dasturiga tushgach, viloyatning barcha xizmat ko‘rsatish tuzilmalari ushbu manzil tomon yordamga bordi. Oqqishloqda “Obod qishloq” dasturini amalga oshirish uchun “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan modernizatsiya maqsadida 5 ta yangi transformator o‘rnatish, simyog‘ochlarni to‘liq yangi temir beton ustunlariga almashtirish, zamonaviy havo kabellarini tortishga kirishildi.

Jumladan, 2 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i yangidan quriladigan bo‘ldi. 6,5 km uzunlikdagi elektr tarmoqlarini mukammal ta'mirlash ishlari bajarilmoqda. Toqqa qimmatli yuk bo‘lgan qurilmalarni talafotsiz olib chiqish maxsustrans haydovchilaridan katta tajriba talab qilinadi. Nozik va diqqatni talab etuvchi yukni o‘z manziliga yetkazishda “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJning mahoratli haydovchilari, avtokranchilari, muhandislari samarali mehnat qilishdi.

Oqqishloqning haqiqiy ma'noda “Obod qishloq” bo‘lishi uchun uning infratuzilmasi yaxshilanishi lozim. “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJda tuzilgan brigadalardan biri bevosita qishloq odamlariga sifatli elektr energiyasi yetib kelishi uchun uzluksiz ish jarayonlarida ishtirok etmoqda. Bu borada qilinayotgan mehnat samarasi o‘laroq odamlarning kayfiyatiga kayfiyat qo‘shilmoqda.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkin, viloyatda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlaridan o‘rin olgan 26 ta qishloq va 4 ta mahallada 211 km elektr uzatish tarmoqlari hamda 40 dona transformator punktlarini yangi qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda 1 633 ta tayanch ustunlar o‘rnatildi. 216,5 km elektr uzatish tarmoqlari hamda 40 dona transformator punktlari yangi qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirildi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qilinayotgan sa'y-harakatlar zamirida avvalo, xalqimizni rozi qilish, qolaversa, o‘zimizga yuklatilgan vazifa va ishonchni oqlash hissi yotibdi.

“Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati Ⓣ

Top