20:27 / 21.07.2021
21771

Hokimlar va futbol: Turdimov, Bozorov va Abdurazzoqov futbol haqida nima degandi?

Kun.uz'dagi viloyat hokimlari bilan intervyularda odatda futbol mavzusiga ham to‘xtalishga harakat qilamiz. Bugun #FootWeek ko‘rsatuvi doirasida joriy yilgi suhbatdosh hokimlar futbol haqida nima deganini yodga olishga qaror qildik.

O‘zbek futboli hamon mahalliy hokimliklarga bog‘liq ekani sir emas. Aksar viloyatlardagi futbol rivoji viloyat yetakchisining futbolga qiziqish-qiziqmasligiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Futbolga qiziqayotgan hokimning borishi o‘sha yerdagi futbol muxlislarini xursand qiladi. Biroq hokim futbol fanati bo‘lishi o‘sha hududda futbol rivojlanishiga doim ham asos bo‘lavermaydi. Chunki bir kishi butun tizimni yaxshilashi qiyin masala.

Xo‘sh, Samarqand, Farg‘ona va Namangan viloyati hokimlari Kun.uz bilan suhbatda futbol haqida nimalar degandi?

Erkinjon Turdimov, Samarqand viloyati hokimi

Surxondaryo, Navoiy va endilikda Samarqand viloyatida hokim bo‘lib ishlayotgan Erkinjon Turdimov futbolga befarq emas. U ishlagan viloyatlarda odatda futbol rivojlangan. Masalan, aynan Turdimov vaqtida Surxondaryoning «Surxon» klubi qayta jonlandi, «Qizilqum» ham doim yuqori ligada o‘ynab kelgan.

Biroq Samarqandda bunday bo‘lmayapti. Chunki Turdimov Samarqand viloyatiga hokim bo‘lgach, viloyat oldiga turizmni rivojlantirish bo‘yicha juda katta vazifalar qo‘yildi va hokim futboldan muhim boshqa ishlar bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, Turdimov Samarqandga kelgach, futbol klubi hokimiyat hisobida kun ko‘rmasligi kerak, degan to‘g‘ri qaror qabul qildi. Klub hokimiyat hisobidan pul sarflab yuqori divizionda yurgandan ko‘ra, o‘z kuchi bilan yoki ixtiyoriy pul sarflayotgan homiy hisobiga quyi ligada yurgani yaxshi aslida. Shunda jamoa o‘z kuchi bilan yuqorilashi mumkin.

Turdimovning aytishicha, hatto Pro-Ligada ham yetakchilar qatorida bormayotgan «Dinamo»ga hokimiyat balansidan bir so‘m ham ajratilmayapti. Klub to‘laligicha bosh homiy «Agromir Buildings» ta'minotida. Bu korxona rahbari futbolga befarq emasligini ko‘pchilik biladi. Agar «Dinamo» liboslarida va barcha atributlarida «Agromir Buildings» kompaniyasini reklama qilayotgan va bu jamoaning millionlab muxlislari borligini inobatga olsak, klub har yili 6-7 milliard so‘m smetasini mehnat qilib topyapti, deyish mumkin. Ya'ni «Agromir Buildings» katta jamoa o‘zini reklama qilayotgani uchun pul to‘lamoqda.

Erkinjon Turdimov katta futbol katta mablag‘ talab qilishini va hozir hokimlik «Dinamo»ga katta pul ajrata olmasligini, bundan muhim ishlari borligini aytdi. Biz bu qarorni to‘g‘ri deb o‘yladik, chunki quyi ligada hokimlik pullarisiz ham asta-sekin yuqorilayotgan Samarqand klubi bir necha yilda o‘z nomini tiklab olishi mumkin. O‘shanda esa jamoaga yanayam ko‘proq xususiy pul jalb qilinishi va hokimlikka yuk bo‘lmaydigan yana bir yaxshi klubga ega bo‘lishimiz mumkin bo‘ladi.

Xayrulla Bozorov, Farg‘ona viloyati hokimi

Xayrulla Bozorovning qanchalik fanat ekanini namanganlik muxlislar yaxshi bilishadi. Klub muvaffaqiyatini aynan Bozorovga bog‘laydiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu hokim hozirda Farg‘onaga rahbarlik qilmoqda. Uning davrida esa o‘zbek futbolining bayroqdori bo‘lgan «Neftchi» quyi ligaga tushib ketgan edi. Hozir «Neftchi» Pro-Liganing tarkib jihatdan eng kuchli jamoasi. Iqtisodiy holati ham yaxshi.

Bozorovning biz bilan suhbati davomida bildikki, futbolga hokimlik pul sarflashi yoki biror homiy biriktirish uning ham joniga tekkan. Farg‘ona hokimi ham futbol xususiylashib, uni shunchaki muxlis sifatida kuzatishni xohlayotgandek. Uning aytishicha, bolalar futbolini rivojlantirish uchun Farg‘onaga kuchli bolalar murabbiylarini yig‘moqchi.

Shavkatjon Abdurazzoqov, Namangan viloyati hokimi

«Real» muxlisi bo‘lgan Abdurazzoqov «Navbahor»ning «Barsa»chi murabbiyi No‘mon Hasanovni birinchi turdan keyinoq ishdan olib tashlagani esingizdadir. Biz bilan suhbatda Abdurazzoqov chindan «Real»ning o‘yinlariga shaydo ekanini aytdi va Madridning tez o‘ynashini alohida ta'kidladi.

Aynan Kun.uz'ning Namangan hokimi bilan intervyusi vaqtida Aziz Turg‘unboyevning transfer bahosi haqida ilk marta rasmiy ma'lumot aytilgan va futbolchi 2,5 milliard so‘m evaziga «Paxtakor»ga o‘tgani ma'lum bo‘lgandi. Hokimning aytishicha, «Navbahor»ga bir yilda 11 milliard so‘m sarflangan va 4 nafar Turg‘unboyev darajasidagi futbolchining bir mavsumda tarbiyalanishi bir yillik smetani mustaqil shakllantirish uchun yetarli bo‘ladi. Ya'ni Namangan hokimi ham futbolga hokimlik yoki qaysidir biriktirilgan homiy pul ajratishidan charchagan, Abdurazzoqov ham futbol xususiy bo‘lishini xohlaydi. U hatto «Turon» loyihasini olqishladi ham.

Xulosa shuki, viloyat hokimlari ham futbolga hokimiyat pulini berishni istamaydi, ular ham bu pullar ijtimoiy sohaga sarflanishi yaxshiroq ekanini bilishadi, ular ham futbol xususiy bo‘lishini istaydi. Har holda biz bilan gaplashgan hokimlar shunday fikrda. Lekin nimagadir futbolimiz hokimliklarga qaramlikdan hech qutula olmayapti. Balki nimanidir yoki nimalarnidir o‘zgartirish kerakdir?

#FootWeek ko‘rsatuvining navbatdagi sonini Tribuna.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qiling.

Bobur Akmalov, O‘tkir Jalolxonov, Kun.uz muxbirlari
Tasvirchi va montaj ustasi – Mahmud Soliyev

Top