11:48 / 22.07.2021
12622

Imomali Rahmon: «Tojikiston o‘z qurolli kuchlarini qo‘shni davlatlarga qarshi ishga solmaydi»

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi barcha siyosiy partiyalar va harakatlar rahbarlari, butun xalq uchun birlashish hamda o‘z vatanini saqlab qolish vaqti keldi.

«Biz tinchlik, barqarorlik, do‘stlik va hamkorlik muhitida yashashimiz uchun qo‘shni davlatlarda tinchlik va barqarorlik bo‘lishining tarafdorimiz», dedi Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bugun mamlakat Milliy gvardiyasi hududida bo‘lib o‘tgan harbiy paradda.

Shu bilan birga, u Tojikiston o‘z qurolli kuchlarini qo‘shni davlatlarga qarshi ishga solmasligini qat'iy ta'kidladi

«Afg‘oniston bizning eng yaqin qo‘shnimiz, biz bilan umumiy til, din va madaniyatga ega do‘stona mamlakat. Shu munosabat bilan biz uning xalqi taqdiriga befarq emasmiz. Shuning uchun men Afg‘oniston masalasini o‘nlab marta eng nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar minbarlarida ko‘targanman. Men yana bir bor ta'kidlashni istardimki, afg‘on mojarosida harbiy yechim yo‘q, bu mamlakat muammolari faqat tinch yo‘l bilan hal qilinishi kerak», dedi u. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, «barcha suveren mamlakatlarda, shu jumladan Afg‘onistonda ham boshqaruv uslubi va davlatchilik tuzilmasi faqat ko‘pchilik odamlarning xohishi va fuqarolar irodasiga qarab belgilanishi hamda o‘rnatilishi kerak. 

«Ammo, afsuski, so‘nggi bir necha o‘n yillik ichida yuzlab va minglab taniqli olimlar, shoirlar, yozuvchilar va tajribali siyosatchilarga ega bo‘lgan bunday madaniyatli xalq geosiyosiy o‘yinlarning qurboniga aylandi. Shu sababli, ushbu mamlakat siyosatchilari, barcha siyosiy partiyalar va harakatlar rahbarlari, ziyolilari, hokimiyat arboblari va barcha xalqi birlashib, o‘z vatani, davlati va millatini beqarorlik hamda yemirilishdan qutqaradigan vaqt keldi», dedi u. 

Bundan tashqari, Imomali Rahmonning fikriga ko‘ra, «yuqori lavozimlarni egallash uchun xalqni fitna va mojarolarga tortish - bu fojiali va xavfli oqibatlarga olib keladigan umidsiz ish». 

«Men bu so‘zlarni Tojikiston xalqining 90 yillarining achchiq tajribasiga asoslanib aytmoqdaman, chunki mamlakatimizda fuqarolar urushining asosiy sabablaridan biri aynan yuqori lavozimlarga erishish uchun qilingan harakatlar edi», dedi Tojikiston prezidenti. 

Shu bilan birga, u Ahmad Shoh Mas'ud va Afg‘onistonning marhum prezidenti Burhoniddin Rabboniyning tojik zaminida tinchlik va totuvlikka erishish yo‘lidagi hissasini esladi. 

Rahmonning ta'kidlashicha, ular Tojikistonda tinchlik o‘rnatish yo‘lida vositachilar sifatida harakat qilishgan, natijada muzokaralar jarayonida burilish sodir bo‘lgan.

«O‘sha paytda Afg‘onistonning taniqli shaxslari o‘z vazifalarini, birodarlik va yaxshi qo‘shnichilik vazifalarini yuqori darajada bajardilar hamda biz ularning yaxshi ishlarini doimo qadrlaymiz», dedi Rahmon. 

Tojikiston rahbari afg‘on zaminida tinchlik o‘rnatilishiga umid bildirdi.

«Men afg‘on xalqining ushbu og‘ir kunlari abadiy davom etmasligini ishonch bilan ma'lum qilaman. Oxir-oqibat Afg‘onistonda aql-idrok g‘olib keladi, tinchlik va barqarorlik o‘rnatiladi, biz ushbu do‘stona davlat bilan barcha aloqalarni kuchaytiramiz va kengaytiramiz, degan umiddaman», dedi u. 

Bundan tashqari, Imomali Rahmon Tojikiston xalqini erishilgan tinchlikni himoya qilishga chaqirdi.

«Mintaqadagi beqaror vaziyat bilan bog‘liq holda yana bir bor takror aytamanki, biz qiyinchilik bilan erishilgan tinchlik va barqarorlikni, siyosiy barqarorlikni, milliy birlikni, davlatimiz va xalqimiz xavfsizligini himoya qilishga tayyor bo‘lishimiz kerak. Sababi, davlat xavfsizligi va jamoat tartibini himoya qilish - bizning eng muhim va ustuvor vazifamiz», dedi Imomali Rahmon.

Mavzuga oid
Top