13:17 / 24.07.2021
6233
Surxondaryoda aka-ukalar ikki nafar ayolni «samosud» qilib sochini kesishdi

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida boysunlik aka-ukalar ikki nafar ayolni «samosud» qilib sochini kesishgan. Holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 21 iyul kuni soat 16:00larda, Sho‘rchi tumani Sovjironbobo mahallasida, Boysun tumani Dashtig‘oz mahallasida yashovchi aka-uka, X.Botir va X.Toshmat, Denov tumani S.Olloyor mahallasida yashovchi, X.Farida hamda Minora mahallasida yashovchi, B.Muhabbatni uchratib qolib, ularga zo‘rlik ishlatgan. Aka-uka ayollarga «Nega singlimning tinch yashashiga to‘sqinlik qilyapsan?» deb, qaychi bilan sochlarini kesib, kiyimlarini yirtib, qo‘llari bilan urib, X.Farida va B.Muhabbatga «sog‘lig‘ining buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil» tan jarohati yetkazgan.

Qayd etilishicha, joriy yil 22 iyul kuni bezorilik jinoyatini qasddan sodir qilgan aka-uka X.Botir va X.Toshmatga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov-surishtiruv olib borilmoqda.

Top