11:50 / 25.07.2021
9042

Shavkat Mirziyoyev 64 yoshga to‘lgani munosabati bilan uni chin yurakdan tabriklagan hammaga minnatdorlik bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 64 yoshga to‘lgani munosabati bilan uni «chin yurakdan tabriklab, samimiy qutlov va ezgu tilaklarini yo‘llagan chet el davlat va hukumat, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, xorijiy siyosat va jamoat arboblariga, ishbilarmon doiralar vakillariga, O‘zbekistondagi mahallalar va mehnat jamoalariga, turli kasb egalari bo‘lgan barcha vatandoshlarga» chuqur minnatdorligini izhor qildi.

«Hech shubhasiz, men uchun g‘oyat qadrli bo‘lgan ushbu tabrik va tilaklarni ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat hamda ehtirom ifodasi, mamlakatimizning dunyo miqyosida ortib borayotgan obro‘-e'tibori va nufuzining yana bir e'tirofi sifatida qabul qilaman», deyiladi prezident matbuot xizmati tomonidan e'lon qilingan minnatdorlik xatida.

Shavkat Mirziyoyev «yurtda keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirishda hal qiluvchi kuch bo‘lib kelayotgan mehnatkash, mard va olijanob xalqqa yana bir bor o‘zining cheksiz farzandlik mehri va hurmatini bildirishdan behad mamnunligi»ni alohida ta'kidlagan.

«Ishonchim komilki, xalqimizning fidokorona mehnati, ulkan bunyodkorlik salohiyati va hamjihatligi bilan yangi O‘zbekistonni barpo etish, el-yurtimizning tinch-osoyishta hayoti va farovonligini ta'minlash bo‘yicha o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak ezgu-maqsadlarga, albatta, yetamiz», — deya qo‘shimcha qilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni 64 yoshga to‘ldi. Shu kuni qator xorijiy davlatlar yetakchilari bilan telefon orqali muloqot qilindi. Jumladan, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Qozog‘istonning birinchi prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan suhbatlar bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar rahbarlari, taniqli davlat va jamoat arboblaridan qutlovlar kelgan.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin o‘z tabriknomasida keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, Yangi O‘zbekistonni barpo etish jadallashayotgani va Xitoy bundan chin dildan xursand ekanini ta'kidlagan.

Xitoy yetakchisi Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini va ularni ikki mamlakat va xalq farovonligi yo‘lida yanada yuksak darajaga olib chiqish uchun Prezidentimiz bilan birgalikda qat'iy ishlashga tayyor ekanini qayd etdi.

Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Je In o‘z maktubida o‘tgan yil yanvarb oyidagi onlayn sammit natijasida erishilgan kelishuvlar og‘ishmay amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

“Mamlakatlarimiz alohida strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda davom etmoqda hamdaxalqaro hamjamiyatning inklyuziv yashil tiklanish va uglerod neytrallikka erishish borasidagi sa'y-harakatlarga birgalikda qo‘shilmoqda”, deyiladi jumladan maktubda.

Quyidagilar ham samimiy tabriklar yo‘llashgan:

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko

Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi Raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vaziri Mansur bin Zoid Ol Nahayon

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Sayf bin Zoid Ol Nahayon

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stliki Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay'ati raisi Mixail Myasnikovich

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bag‘dod Amreyev.

Mavzuga oid
Top