09:18 / 27.07.2021
1936
Surxondaryoda haydovchi 6 yoshli qizni urib yuborib, qochib ketdi

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida haydovchi 6 yoshli qizni urib ketib, voqea joyidan yashiringan. Qiz ota-onasi bilan birga bo‘lgan. Haydovchi uni urib yuborgandan so‘ng, chirog‘ini o‘chirib harakatlanishda davom etib, to‘xtamasdan qochib ketgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 12 iyul kuni soat 23:00larda davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-105 avtomobil yo‘lining Qumqo‘rg‘on tumani G‘alaba mahallasidan o‘tuvchi 89-kilometrida «Kobalt» mashinasi Sho‘rchi-Boysun yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib ketayotib yo‘l chetidan to‘satdan yugurib chiqqan 6 yoshli qizni urib yuborgan. So‘ng, qizga yordam bermasdan, hodisa joyidan qochib ketgan. Oqibatda qiz og‘ir tan jarohati olgan holda yo‘lda qolib ketgan. Qizni otasi yo‘lovchi mashina bilan tuman shifoxonasiga olib borgan.

Qayd etilishicha, o‘sha kunning o‘zida viloyat bo‘ylab to‘sib ushlash tadbiri e'lon qilingan va ko‘rilgan tezkor choralar natijasida qizni urib ketgan haydovchi topilgan. Haydovchi Qumqo‘rg‘on tumani To‘da mahallasida yashovchi 22 yoshli yigit ekani va mashinasini yashash hovlisiga yashirib qo‘ygani aniqlanib, u tuman IIBga olib kelingan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, qiz ota-onasi bilan birga ketayotgan bo‘lgan. Haydovchi esa belgilangan me'yordan oshiq tezlikda harakatlangan. Bundan tashqari, hodisa guvohi bo‘lgan qizning otasi «Kobalt» haydovchisi qizini urib yuborgandan so‘ng, to‘xtamasdan harakatlangani va mashina chirog‘ini o‘chirib qochib ketganini bildirgan.

Ta'kidlanishicha, hodisa yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov-surishtiruv olib borilmoqda.

Top