14:29 / 27.07.2021
6153
Tojikiston «Tolibon» bilan muzokara olib bormayapti - Sirojiddin Muhriddin

Shuningdek, uning ta'kidlashicha, tojik tomoni rossiyalik chegarachilarni qaytarish bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralar olib bormayapti.

Foto: Asia-Plus

Dushanbe har doim rasmiy Kobulni Afg‘onistondagi qonuniy hokimiyat deb bilgan va «Tolibon» harakati vakillari bilan hech qachon uchrashuv yoki muzokara o‘tkazmagan. Bu haqda Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin 26 iyul kuni jurnalistlarga ma'lum qildi

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh mintaqalarida vaziyat jiddiy ravishda yomonlashdi, «ammo Tojikistonning bu yo‘nalishdagi chegaralari ishonchli himoyalangan».

«Tojikiston rossiyalik chegarachilarni janubiy chegaralarga qaytarish bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralar olib bormayapti va Afg‘oniston bilan chegaradagi keskinlik tufayli Dushanbeda Rossiya maslahatchilari sonini ko‘paytirishni rejalashtirmayapti», dedi vazir. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Tojikiston Afg‘onistondan qancha qochqinni qabul qilishi mumkinligi to‘g‘risida aniq nimadir deyish mushkuldir.

«Men respublika Afg‘onistondan qabul qilishi mumkin bo‘lgan qochqinlarning ilgari e'lon qilingan soni to‘g‘risida ba'zi hamkasblarning fikriga qo‘shilmayman. Biz bu masalada koronavirus pandemiyasi, qochqinlar lagerlarining tayyorligi va terrorchilar qochqinlar niqobi ostida mamlakatimizga kirib kelishi mumkinligiga tayyor ekanligimiz bilan bog‘liq vaziyatni hisobga olishimiz kerak», deya ta'kidladi Muhriddin. 

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top