08:43 / 13.08.2021
25773

Koronavirusdan davolangandan keyin ham PZR test musbat natija ko‘rsatishi sababi tushuntirildi

Nega koronavirusdan davolangandan keyin ham PZR test musbat natija ko‘rsatadi? Ushbu savolga Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi, tibbiyot fanlari doktori Ra'no Qosimova javob berdi.

Bildirilishicha, odatda ko‘pgina bemorlarda koronavirus kasalligining 10-14 kunidan keyin burun va halqumdan olingan (PZR) test manfiy natija ko‘rsatadi.

«Lekin ayrim paytlarda mazkur test natijasi musbat bo‘lishi ham mumkin. Ya'ni, ba'zida shunday bemorlar bo‘ladiki, bu holat ularda bir, hatto ikki oygacha ham davom etishi mumkin.

Agar bemor koronavirusdan davolangandan keyin o‘zini butunlay sog‘lom his etsa-yu, biroq unda (PZR) testdan so‘ng “COVID-19” virusi aniqlansa, bu insonda virusning qoldiqlari borligi va juda kam miqdorda ekanini bildiradi.

Shunday bo‘lsa-da, bunday insonlar yon-atrofidagilar salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirmaydi. Ya'ni, bu paytda bemorning burni va halqumida COVID-19 virusi yuklamasi kam miqdorda bo‘lib, odamlarga yuqmaydi», dedi Ra'no Qosimova.

Polimer zanjir reaksiyasi (PZR) virusning RNKsini aniqlab beruvchi test hisoblanib, juda yuqori natija ko‘rsatadi. Ushbu test nafaqat tirik, balki organizmdagi o‘lik viruslarni ham aniqlay oladi.

Top