22:06 / 16.08.2021
10751

Tojikiston bortida afg‘on harbiylari bo‘lgan 2ta samolyotga o‘z hududiga qo‘nishga ruxsat berdi

Foto: Anadolu Agency

Tojikiston SOS signalini olgandan keyin bortida afg‘on harbiylari bo‘lgan 2ta samolyotga Xatlon viloyatining ma'muriy markazi — Boxtar shahrida (sobiq Qo‘rg‘onteppa) qo‘nishga ruxsat berdi. Ta'kidlanishicha, samolyotlarda 100dan ko‘proq harbiy bo‘lgan.

“Tojikiston SOS signalini olgandan keyin o‘z xalqaro majburiyatlariga muvofiq afg‘on harbiylariga Boxtar shahri aeroportiga qo‘nishga ruxsat berdi. Tojikiston hududiga hammasi bo‘lib Afg‘oniston hududidan kelgan 2ta samolyot qo‘ngan”, deb ma'lum qilingan mamlakat tashqi ishlar vazirligining axborot va matbuot boshqarmasida.

Boshqarma shu tariqa avvalroq OAVda Tojikiston hududiga 18ta afg‘on samolyoti qo‘ngani haqidagi axborotni rad etgan. Avvalroq TOLO News telekanali 15 avgustda toliblar Kobulga kirishni boshlaganda u yerdan Tojikistonga 18ta yo‘lovchi samolyoti jo‘naganini ma'lum qilgan.

15 avgust kuni toliblar Afg‘oniston poytaxti Kobulni qurshab olishdi. Kechga yaqin jangarilar Kobulga kirib, hozirda uni to‘liq nazorat qilishmoqda. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatni tark etgan.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top