18:57 / 26.08.2021
3619

Surxondaryoda xalq ta'limi vaziriga shikoyat qilgan maktab jamoasining o‘zi qoniqarli ishlamaganlikda ayblandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida joylashgan 59-maktab direktori va 5 nafar xodimi maktab jamoasi nomidan viloyat xalq ta'lim boshqarmasining noqonuniy xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib xalq ta'limi vaziri Sh.Shermatovga video murojaat yo‘llagan. Viloyat XTB ushbu murojaat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, 59-maktab o‘qituvchilarining birortasi ham oliy toifaga ega emas (2 nafar o‘qituvchi o‘rindosh sifatida boshqa maktabdan kelib faoliyat yuritadi). O‘qituvchilarning 3 nafari (6,1 foizi) birinchi toifali, 11 nafari (22,4 foizi) ikkinchi toifali, 30 nafari (61 foizi) mutaxassis o‘qituvchi bo‘lib, qolgan 5 nafari (10 foizi) o‘rta-maxsus ma'lumotga ega.

2019-2020 o‘quv yilida 11-sinfni 40 nafar o‘quvchi tamomlagan bo‘lib, shundan 2 nafari (5 foizi) O‘zbekistondagi oliygohlarga, yana 2 nafari (5 foizi) xorijiy universitetlarga o‘qishga qabul qilingan. Bu natija bilan maktab oliy ta'limga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha och qizildan joy olgan.

Ma'lum qilinishicha, ushbu maktab o‘quvchilarining fan olimpiadalariga ishtirokining oxirgi 2 yilligi ko‘rib chiqilganda birorta o‘quvchi sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kirita olmagan.

Video murojaatda viloyat XTBdan maktabga asossiz tekshiruvchilar ko‘p kelishi aytilgan. Munosabatda ta'kidlanishicha, joriy yil 5 avgust kuni maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holatlarini o‘rganish maqsadida viloyat XTB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari I.Kenjayev boshchiligida ishchi guruh Oltinsoy tumanida bo‘lgan va 59-maktabga ham borgan.

Maktab direktori sog‘lig‘i tufayli ish o‘rnida bo‘lmagan. Ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari va xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlariga yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, obodonlashtirish, sinf xonalarning tozaligi yuzasidan kerakli topshiriqlar berilib, ushbu topshiriqlarni joyida bartaraf ettirib qaytilgan.

Shundan so‘ng, joriy yilning 23 avgust kuni viloyat XTBning moliyaviy tahlil va rejalashtirish bo‘limi bosh iqtisodchisi J.Mengniyozov hamda boshqarmaning kadrlar bo‘limi bosh mutaxassisi R.Mengliqulovlar Oltinsoy tumanidagi maktablarda o‘qituvchilar oylik ish haqidan majburiy obuna uchun ushlab qolinayotganligi holati o‘rganilgan. O‘rganishda 59-maktabda ham bloger Soatmo‘min Jumayevning xususiy, ta'limga oid bo‘lmagan gazetasiga maktab o‘qituvchilarining oylik ish haqlaridan ularning rozilik arizalarisiz pul o‘tkazib berilgani aniqlangan.

«Maktab direktori R.Toshmurodova buni ongli ravishda boshqacha talqin qilib, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 18 dekabrdagi 348-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom bilan yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagan», deyiladi munosabatda.

Top