09:59 / 28.08.2021
11138

Toshkentda giyohvandlik vositalarini sotayotgan internet-do‘konlarni targ‘ib qiluvchi fuqarolar aniqlandi

Toshkent shahrida giyohvandlik vositalarini sotish bilan shug‘ullanayotgan internet-do‘konlarni targ‘ib qiluvchi fuqarolar aniqlandi. Bu haqda IIV Tezkor-qidiruv departamenti xabar bermoqda.

Foto: IIV Tezkor-qidiruv departamenti

Qayd etilishicha, joriy yilning 24 avgust kuni IIVning giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish yo‘nalishida tashkil etilgan “@stopnarko_bot” Telegram kanaliga anonim foydalanuvchidan ikki nafar noma'lum shaxs Toshkent shahrida giyohvandlik vositalari reklama ko‘rinishidagi graffitilarni ko‘p qavatli uylarning devorlariga yozish bilan shug‘ullanayotgani to‘g‘risida foto va videotasvirlar kelib tushgan.

Xabar yuzasidan vazirlik jinoyat qidiruv xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahrida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida:

  • Mirzo Ulug‘bek tumani TTZ-4 mavzesidagi 6-, 7-, 8-, 9-, 10-ko‘p qavatli uylarning devorlarida 25ta;
  • Yashnobod tumani “Aviasozlar” (eski “Kadisheva”) dehqon bozoriga kirish joyi yonidagi ko‘p qavatli uylarning devorlarida 15ta;
  • Yashnobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi “Qo‘yliq” qurilish mollari bozori ro‘parasidagi 9 qavatli uylarning devorlarida 22ta, jami 62ta bir xil turdagi giyohvandlik moddalarini sotuvchi internet do‘konlarini targ‘ib qiluvchi graffitilar yozib ketilgani aniqlandi.

Bu turdagi huquqbuzarlikni sodir etayotgan shaxslarni aniqlash va ushlashga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, 26 avgust kuni, ishsizlar, Yashnobod tumani Lisunova-1 mavzesida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan A.M., Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan V.S. hamda ularning jinoiy sherigi, Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasida yashovchi, Chilonzor tumanida joylashgan spirtli ichimliklar do‘koni sotuvchisi, 1993 yilda tug‘ilgan D.S. qo‘lga olingan.

Bildirilishicha, hozirda mazkur jinoiy guruhning qolgan a'zolarini hamda ularni moliyalashtirgan rahnamolarini aniqlash ishlari olib borilmoqda.

“Shu o‘rinda fuqarolarimizdan, agar siz yoki yaqinlaringiz mazkur shaxslarning harakatlaridan jabrlangan yoki ularning jinoiy faoliyati haqida biror ma'lumotga ega bo‘lsangiz darhol ichki ishlar organlariga xabar berishingizni yoki 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz. Shaxsingiz sir saqlanishi kafolatlanadi”, deyiladi xabarda.

Top