07:59 / 01.09.2021
7985
Toshkent metrosi uchun olib kelingan yangi poyezdlarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 31 avgust kuni Toshkent metropoliteni uchun keltirilgan yangi poyezdlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» xabar qildi.

Qayd etilishicha, Rossiyaning «Metrovagonmash» AJ tomonidan 20ta yangi metrovagon ishlab chiqarilgan bo‘lib, ulardan 5ta metropoyezd shakllantirildi. Joriy yil oxiriga qadar, shartnomaga ko‘ra, ushbu modifikatsiyadagi yana 20ta metrovagonni Toshkentga yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

Poytaxt metropoliteni uchun yangi ishlab chiqarilgan vagonlar zavodning o‘zidan o‘zgacha usulda bo‘yalgan ko‘rinishda chiqmoqda. Vagonlarning yon tarafi va eshiklari oq rangga bo‘yalgan. Butun harakat tarkibi bo‘ylab gorizontal ravishda O‘zbekiston milliy bayrog‘i ranglari mujassam etgan chiziq tortilgan. Poyezd tom qismi havorang tusda, old qismi esa qora rangda bo‘yalgan. Shuningdek old qismida yo‘nalishni ko‘rsatuvchi elektron satr joylashgan bo‘lib, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ ramzi aks etgan.

81-765/766/767 seriyadagi metro vagonlari yangi texnik yechimlarga ega bo‘lib, elektr energiyasini 35 foizgacha tejaydi, uchinchi avloddagi asinxron tortuvchi dvigatelining qo‘llanilishi ekspluatatsion xarajatlarni 40 foizgacha qisqartiradi. Yangi vagonlarning yana bir qator texnik imkoniyatlari va afzalliklariga quyidagilar kiradi:

  • vagonlar orasidagi germetik «garmoshka» ko‘rinishidagi o‘tish joylari yo‘lovchilar uchun poyezdning boshdan oxirigacha o‘tish imkonini beradi va bu bilan harakat tarkibining sig‘imini oshiradi;
  • yo‘lovchilar saloni har bir tomonda to‘rttadan bo‘lgan avtomatik va ikki qavatli eshiklar o‘rnatilgan. Eshiklar 12 foizga kengaytirilgani yo‘lovchilarni tasodifan qisilib qolishi oldi olingan;
  • salondagi haroratni o‘rnatilgan konditsioner, isitish va shamollatish tizimi ta'minlab turadi. Shuningdek, shiftda maxsus himoya qutilari ichida joylashgan va havoni ultrabinafsha lampalar yordamida zararsizlantirish tizimi qo‘llanilgan;
  • har bir vagon telekanallar translatsiyasi imkoni bilan birga yo‘lovchilarga zamonaviy ma'lumot uzatish tizimi bilan ta'minlangan;
  • har bir vagon videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan, har bir vagonda shift kameralari, shuningdek, shoshilinch aloqa bloklari ustida ham kameralar mavjud, yong‘inni avtomatik payqash va o‘chirish tizimi ham mavjud;
  • mashinist kabinasida yo‘llar hamda harakatlanuvchi sostav vagonlari eshiklarini videokuzatuv tizimi monitori joylashgan.

Yangi keltirilgan 20ta metro vagon (5ta harakat tarkib)larda sozlash ishlari yakunlangach, Toshkent metropolitenining eng gavjum hisoblangan Chilonzor yo‘nalishiga qo‘yiladi.

Top