09:40 / 10.09.2021
5676
Prezident davlat stipendiyasi kvotasi oshirildi

“Respublika oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan Prezident davlat stipendiyasi kvotasi:

  • tayanch doktoranturada o‘qiyotgan doktorantlar va magistratura bosqichi talabalari uchun 2 barobarga oshirilib, tegishlicha 10 ta va 22 ta etib;
  • bakalavriat bosqichi talabalari uchun esa har bir OTMga bittadan etib belgilandi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi OTMlarda tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qaipbergenov hamda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari joriy etildi.

Prezident stipendiyasi va nomli davlat stipendiyalari davlat OTMlarining qo‘shma ta'lim dasturlari asosida tahsil olayotgan hamda respublikadagi xorijiy oliy ta'lim tashkilotlarining filiallari va nodavlat oliy ta'lim tashkilotlari bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham tatbiq etiladi. 

Shunga ko‘ra, mazkur ta'lim muassasalarini tamomlagan Prezident stipendiyasi yoki nomli davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalar ham davlat OTM magistraturasiga bakalavriatning ta'lim yo‘nalishiga mos va turdosh mutaxassislik bo‘yicha kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.

Mavzuga oid
Top