07:52 / 14.09.2021
13489
O‘zbekiston xalq artisti O‘lmas Rasulov vafot etdi

O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti professori, O‘zbekiston xalq artisti O‘lmas Rasulov vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.

O‘lmas Rasulov 1951 yilda Denov tumanida tavallud topgan. 1976 yilda Toshkent Konservatoriyasini tamomlagan. 1976-1977 yillarda Buxoro musiqa bilim yurti, 1987-1994 yillarda Toshkent Konservatoriyasi, 2002 yildan Hamza nomidagi Respublika musiqa kollejida pedagog, 1995-2002 yillarda Buxoro davlat universitetida dotsent va 1995-2000 yillarda kafedra mudiri, 1987-1994 yillarda «Zarafshon» ansamblida sozanda, 1997-2002 yillarda «O‘zbeknavo» birlashmasi Buxoro viloyati bo‘limi badiiy rahbari, 2002 yildan «Dutorchi qizlar» ansambli maslahatchisi lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Shuningdek, O‘lmas Rasulov oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida pedagoglik faoliyatini samarali davom ettirib yoshlarga ta'lim berdi va ko‘plab shogirdlar yetishtirdi. Oxirgi yillarda O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining «Milliy qo‘shiqchilik» kafedrasi dotsenti, 2021 yildan esa professor vazifasida faoliyat yuritdi.   

Sozanda sifatida uning repertuaridan Shashmaqom, Farg‘ona-Toshkent yo‘llariga oid mumtoz va an'anaviy kuylar o‘rin olgan. Xonanda sifatida esa «Sodirxon Ushshog‘i», Mashrab g‘azali bilan «Sig‘madim», «Or yig‘laydi» kabi ashulalar, Buxoro yo‘llaridan «Zaboniy», «Javoniy», «Gul rezi» kabi asarlarning mahoratli ijrosi bilan xalq qalbiga kirib borgan.

O‘lmas Rasulov «Oypalak», «Tavois», «O‘chayotgan tabassum», «Samo» kabi cholg‘u kuylari, «So‘ramaysan» (H. Ahmedova she'ri bilan), «Shiru-shakar», «Karashma», «Magar Navro‘z ila bayram» (Navoiy, G‘oziy, Nasimiy g‘azallari bilan), «Nozik muxammas» (Nozik Bibi Xo‘qandiy asari bilan) va boshqa bir qator ashula va turkumlar, shuningdek, «Bobur», «Kecha va kunduz», «Imom Buxoriy» kabi video va badiiy filmlarga musiqa bastalagan.

U 2005 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni bilan taqdirlangan. 

Top