21:31 / 21.09.2021
28379
«Bizga itdek munosabatda bo‘lishdi». Submarinalar mojarosi tufayli Fransiya va Britaniya vazirlari uchrashuvi barbod bo‘ldi

Fransuz mudofaa vaziri Florans Parli britaniyalik hamkasbi Ben Uolles bilan rejalashtirilgan muzokaralarni noma'lum muddatga qoldirdi. Bu Parij tomonining Avstraliya uchun suvosti kemalari yetkazib berish bo‘yicha shartnoma bekor qilinishiga qarshi navbatdagi namoyishkorona yurish bo‘ldi.

Foto: SCOTT MORRISON

O‘tgan haftaning shanba kuni Fransiya Vashington va Kanberradagi elchilarini maslahatlashuv uchun chaqirib olgandi.

15 sentabr kuni Avstraliya, Birlashgan Qirollik hamda AQSh yangi harbiy alyans AUKUS’ni tashkil etishdi - uning nomi ishtirokchi davlatlarning bosh harflaridan tarkib topgan. Tashkilot doirasidagi ilk tashabbus Avstraliyani atomli suvosti kemalari bilan qurollantirish uchun Amerika va Britaniya texnologiyalarini yetkazib berish bo‘yicha bo‘ldi. Natijada Avstraliya Fransiyaning Naval Group konserni bilan 2016 yilda tuzilgan 12ta suvosti kemasi yetkazib berish haqidagi 36,5 mlrd dollarlik shartnomani bekor qildi - endi kemalarni ularning o‘zi ishlab chiqarmoqchi.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Iv Le Drian bu qarorni «ortdan pichoq urish» va «ittifoqchilar o‘rtasida yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan harakat» deb atadi.

Britaniyaliklar bosh vaziri Boris Jonson Nyu-Yorkka, BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ishtirok etish uchun uchishi oldidan samolyot bortida turib bergan intervyusida «fransuz o‘rtoqlar» xavotirlanishiga o‘rin yo‘qligi va ikki tomonlama munosabatlar favqulodda muhimligini aytib o‘tdi. «Bizning Fransiyaga muhabbatimiz mustahkamdir», deya qo‘shimcha qilgan u.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Jyeyms Kleverli BBC uchun bergan intervyusida «barcha munosabatlarda ba'zida keskin pallalar bo‘lib turishi»ni aytib o‘tdi, shu bilan birga «Fransiya bilan do‘stlik alaloqibat sinovlarga bardosh berishi»ga shubha qilmasligini bildirdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yangi kelishuv Britan kompaniyasiga foyda keltiradi. Financial Times nashridagi maqolasida Forin-ofis rahbari Liz Truss ham shu jihatga e'tibor qaratgan va Britaniya hamisha o‘z manfaatlarini qat'iy himoya qilishini ma'lum qilgandi.

Britan hukumatidagi o‘zgarishlardan keyin Liz Truss Buyuk Britaniyaning yangi tashqi ishlar vaziriga aylandi / PA MEDIA

Avstraliyaliklar bosh vaziri Skott Morrison yakshanba kuni bergan intervyusida Avstraliya kelishuv bekor qilinishi haqida Fransiyani oldindan ogohlantirishi majbur bo‘lmaganini aytdi. Uning ma'lum qilishicha, tahlillar va razvedka ma'lumotlari Avstraliyaning o‘zida ishlab chiqariladigan submarinalar belgilangan vazifalarni yaxshiroq bajarishini ko‘rsatgan.

Avstraliya bundan keyin ham yadro quroliga egalik qila olmaydi, ammo atom dvigatelli submarinalarga ega yettinchi davlatga aylanadi. Strategik tadqiqotlar xalqaro instituti ma'lumotiga ko‘ra, AQShda bunday kemalardan 68ta bor, Rossiyada 29, Xitoyda 12, Britaniyada 11, Fransiyada 8, Hindistonda bitta.

Kelishuv AQSh, Britaniya va Avstraliya kiberfazo, kvant texnologiyalari va sun'iy intellekt sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishni ham nazarda tutadi.

Uch tomonlama kelishuv pakti Xitoyning ham jiddiy tanqidlariga sabab bo‘ldi. Kuzatuvchilar ushbu ittifoq birinchi navbatda ushbu mamlakatning Janubiy Xitoy dengizida faollashib, ta'sir doirasi kengaytirishiga qarshi turish maqsadida tuzilgan deb hisoblashmoqda.

Shimoliy Koreya TIV vakili Markaziy davlat axborot agentligi orqali qilgan chiqishida AUKUS tuzilishini «Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi strategik muvozanatni buzadigan nomaqbul va xavfli harakat» deb atadi.

«Parij achchiq haqiqatni totib ko‘rdi»
Hyu Skofild, BBC’ning Fransiyadagi korrespondenti:

Bu ranj alami so‘nganida fransuzlar sovuqqonlik bilan ayrim yoqimsiz haqiqatlarni anglashlari kerak bo‘ladi.

Birinchisi: geostrategiya his-tuyg‘ularga asoslanmaydi.

Siz bilan yomon munosabatda bo‘lishganidan shikoyat qilish va g‘azablanishdan ne naf? Bu haqiqatdan ham shunday.

Ammo kimdir qachon biror mamlakat muhim mudofaa ustuvorliklarini kimnidir ranjitmaslik uchun o‘zgartirganini eshitganmi? Ko‘rinib turibdiki, avstraliyaliklar shu vaqtgacha Xitoy tahdidi yetarlicha baholanmagan deb topishgan va ularni jilovlab turish qobiliyatini mustahkamlashga kirishgan.

Ular fransuzlarning manfaatlarini ochiqchasiga e'tiborsiz qoldirishdi, ammo ish jiddiylashganda barcha shunday yo‘l tutadi. Millatning ta'riflaridan biri - o‘z manfaatlari himoyasi uchun birlashgan odamlar guruhiga aytiladi. O‘zinikini, begonalarnikini emas.

Albatta, ba'zida millatlar o‘z manfaatlariga javob bergani uchun ittifoqlarga kirishadi. Amerikaliklar aynan shunday qilishdi.

Fransiya harbiy alyanslardagi ishtirokini qayta ko‘rib chiqadimi?

Ikkinchidan. AUKUS tuzilishi shuni ko‘rsatdiki, AQSh NATO qiyofasidagi charchagan begemotga unchalik muhtoj emas. Va ular kimgadir abadiy sodiqlik saqlab qolmoqchi emas.

Fransuz gollchilari, ulardan biri Emmanuel Makron, hamisha o‘z vatanini global miqyosda harbiy ishtirokni saqlab qolgan va yadroviy jilovlash bo‘yicha umumiy sa'y-harakatlarga hissa qo‘shgan to‘la mustaqil derjava sifatida ko‘rishni istaydi. Amalda esa ular o‘zlarini to‘liqligicha AQSh boshchiligidagi blokka bog‘lab qo‘yishgandi, buni ham ruhan to‘g‘ri, ham foydali deb topishgandi.

Endi Parijda baland ovozdagi savollar yangraydi: bu bizga nima uchun kerak? Buning evaziga nima olamiz?

«Bizga mutlaqo kutilmaganda zarba berishdi», deydi Figaro nashrining siyosiy sharhlovchisi Reno Jirar.

«Makron barcha jabhalarda anglosakslarga yordam berishga harakat qildi. Amerikaliklarga Afg‘onistonda, avstraliyaliklarga Hind-Tinch okeani mintaqasida, britanlarga esa mudofaa sohasidagi hamkorlikda. "Qarang, biz sizlarga qayg‘uramiz, biz haqiqiy ittifoqchilarmiz" demoqchidek edi u go‘yo.

Biz nafaqat Bayden bilan, balki Tramp bilan ham shunday yo‘l tutgandik. Mukofoti esa shunday bo‘ldi. Bizga itdek munosabatda bo‘lishdi», deya davom etadi u.

Endi fransuzlar NATOdagi o‘z rolini qayta ko‘rib chiqishga kirishishi tayin, ular 1966 yilda de Goll davrida tashkilotdagi harbiy ishtirokini to‘xtatgan va bu faqat 2009 yil Nikolya Sarkozi davrida tiklangandi. Hozircha bunday gaplar aytilmayapti, yana shunday bo‘lishi ehtimoli yuqori. Qolaversa, Makron ikki yil muqaddam «NATO miyasining o‘limi» haqida gapirgan va hozir ham shunday fikrda ekani turgan gap.

Uchinchi achchiq haqiqat shundaki, Fransiyada o‘zining global rolini saqlab qolmoqchi bo‘lsa boshqa muqobilning o‘zi yo‘q.

So‘nggi haftadagi voqealardan olingan saboq shuki, Fransiya yolg‘iz o‘zi asosiy strategik sherik bo‘lish uchun kichiklik qiladi. Xitoyliklar har to‘rt yilda qurayotgan kemalar soni bugungi kunda fransuzlar flotidagi barcha kemalar soniga teng. Shuning uchun, zarurat tug‘ilganda, avstraliyaliklar kichik derjava bilan emas, yirik derjavalar bilan ittifoqchilikni afzal ko‘rdi.

Ehtimol, fransuzlar uchun hozirda eng to‘g‘ri chiqish yo‘li - ularning manfaatlari Yevropaga qaratilganini e'lon qilish va katta aholi va resurslarga ega YeI orqali dunyoga ta'sir ko‘rsatishdir.

Ammo so‘nggi 30 yilda Yevropa Ittifoqi ichkarisidagi mudofaa sohasidagi hamkorlik Chexiya va Estoniyaning juda kichik kontingentlari Fransiyani qo‘llash uchun Maliga yuborilishi bilan kifoyalandi. Reno Jirarning fikricha, YeIni harbiy kuch sifatida tasavvur qilish g‘oyasi - hazildan ortiq emas.

Parij nima qilishi mumkin?

Haqiqat qanday bo‘lsa shundayligicha qabul qilish. Manfaatlardan kelib chiqib, vaqtincha ittifoqlar tuzishga harakat qilish, Makron ham Hind-Tinch okeani mintaqasida shunga intilmoqda. Germaniyani XX asrdagi komplekslardan xalos bo‘lishga va o‘zini boricha kuchli davlat sifatida tutish kerakligiga ishontirish.

Va Britaniya bilan munosabatlarda eshikni yopmaslik. Garchi bugungi kunlarda fransuzlar bunday maslahatlarga quloq tutishi qiyin bo‘lsa-da. Parij va London o‘rtasidagi munosabatlar - ko‘p yillardan buyon eng yomon pallasiga kirdi. Fransuzlar Boris Jonsonga nafratlarini yashirishmayapti, o‘z navbatida La-Manshning narigi qirg‘og‘ida ham shunday kayfiyatdagi odamlar kam emas.

Reno Jirarning fikricha, yaqin istiqbolda Fransiya Britaniyani jazolashga harakat qiladi. Ehtimol 2010 yilgi Lankaster kelishuvida ko‘zda tutilgan yadro sohasidagi maxfiy hamkorlikni qisqartirish ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Bu boshqa sohalardagi hamkorlikda aks etishi ham mumkin, masalan, La-Mansh orqali migrantlar oqimi kirib kelishiga qarshi kurashdagi hamkorlikda.

Ammo Birlashgan Qirollik - Yevropaning kuchli armiyaga ega yagona davlati hisoblanadi. Ikki davlatni umumiy o‘tmish va tarixiy tajriba birlashtiradi. Ularning harbiylari bir-birini hurmat qiladi.

Fransuz-britan mudofaa hamkorligi kelajagi juda muhim va nazariy jihatdan bundan voz kechish ham mumkin. Va bu Makronning qarshisidan chiqadigan so‘nggi yoqimsiz haqiqat.

Top