10:23 / 30.09.2021
2517
O‘zbekistonda kriptovaluta bilan bog‘liq norasmiy platformalar faollashgani ma'lum qilindi

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan internet tarmog‘idagi resurslarning monitoringi davomida kripto-aktivlarni sotish va ayirboshlash bilan bog‘liq har xil turdagi norasmiy platformalar faoliyati avj olgani ma'lum bo‘ldi.

Foto: Reuters

Agentlik xabariga ko‘ra, mazkur turdagi platformalar manzillarini boshqa davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkizib, O‘zbekistonda serverlari o‘rnatilmasdan, ko‘p holatlarda fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlarini so‘rab olgan holda, ularga kripto-aktivlarni sotish, sotib olish yoki ayirboshlashni taklif etmoqda.

Agentlik mazkur turdagi platformalardan misol keltirgan:

  • https://webmoneytashkent.com;
  • https://wmztashkent.com;
  • https://wm-torg.com;
  • https://uzwmz.com;
  • https://blockchainuz.com;
  • https://bitcointashkent.com.

“Shu bilan birga, ushbu turdagi faoliyat “Telegram” guruh va botlari orqali ham amalga oshirilib, ularning tashkilotchilari to‘liq anonim bo‘lib, kerak bo‘lganda ushbu guruh va botlarni darhol o‘chirishlari mumkin”, deyiladi ma'lumotda.

Agentlik bu turdagi platformalar yordamida kripto-aktivlar bilan o‘tkazilayotgan operatsiyalar uchun hech qanday huquqiy javobgarlikka tortish imkoni mavjud emasligi va ular o‘tkazilayotgan bitimlar qonuniyligini hamda fuqarolar shaxsiy ma'lumotlari saqlanishini ta'minlanishiga kafolat bera olmasligini inobatga olib, fuqarolarni imkon qadar hushyorlikka va ehtiyot bo‘lishga chaqirgan.

“Agar sizda O‘zbekiston hududida shubhali sxemalar asosida kripto-aktivlar yordamida ish yuritayotgan ayrim kompaniyalar yoki shaxslarning faoliyati to‘g‘risida ma'lumot bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, agar kripto-aktivlarni noqonuniy maqsadlarda yoki firibgarlik uchun ishlatayotgan kompaniyalar haqida ma'lumot bo‘lsa, agentlikning fraud@napm.uz elektron manziliga tegishli ma'lumotlarni yuborishingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi, jumladan kripto-aktivlar savdosi bo‘yicha kripto-birjalar yaratish faoliyati litsenziyalanishi lozimligi aytilgan.

Mavzuga oid
Top