17:25 / 07.10.2021
7209
«Triatlon - sport kelajagi». Osiyo kubogi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi

6 oktyabr sanasida sprint masofasidagi triatlon bo‘yicha Osiyo kubogi («Asia Sprint Triathlon Cup») oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 2021 yilning 9-10 oktyabr kunlari Toshkentda birinchi marta sportchilar va havaskorlar o‘rtasida mos ravishda triatlon bo‘yicha ochiq chempionat bahslari o‘tkaziladi.

Osiyo, Yevropa va Afrikadan O‘zbekistonga kelayotgan 11ta davlat triatletlari «Asia Sprint Triathlon Cup» g‘olibligi uchun kurashadilar. Sportchilar va havaskorlar o‘rtasidagi musobaqalar 750 metrga suzish, 20 km masofaga velosipeddagi poyga va yana 5 kmga yugurish bellashuvlarini o‘z ichiga oladi. 

«Ta'kidlab o‘tganimdek, federatsiyamiz anchagina yosh. Faoliyat boshlaganimizga 2 yil bo‘ldi. Shu yillar oralig‘ida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Masalan, bolalar va o‘smirlar triatlon bilan erkin shug‘ullanishlari uchun respublika bo‘ylab 10dan ortiq bo‘limlarni ochdik. 

Shuningdek, havaskor sportchilar o‘rtasidagi musobaqalarga ham katta e'tibor qaratmoqdamiz. Birinchi marotaba havaskorlar o‘rtasida triatlon bo‘yicha turnir tashkil etdik. «Asia Sprint Triathlon Cup»da nafaqat professionallar, balki havaskorlar ham ishtirok etishi mumkin. 

Bundan tashqari, murabbiylar jamoasini shakllantirishga ham jiddiy e'tibor qaratmoqdamiz. O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport universiteti uchun o‘quv darsliklari ishlab chiqdik. Bu orqali talabalar o‘z bilimlarini oshirishlari mumkin. Ta'lim jarayonlariga xorijdan mutaxassislarni taklif qildik. Bu gal triatlon bo‘yicha kelgusi musobaqalarda hakamlik qiluvchilar uchun ham chet eldan professionallarni jalb etmoqdamiz. 

Umuman olganda, anchagina ishlar bajarildi. Ularning barini birdaniga eslash mushkul. Albatta, triatlon - sport kelajagi. Unda 3ta sport: suzish, velosport va yugurish elementlari jam bo‘lgan», - dedi O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun. 

Ma'lumot uchun, triatlon 2000 yilda Sidneyda bo‘lib o‘tgan Olimpiadadan e'tiboran to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi tarkibiga kiritilgan. O‘zbekiston triatlon federatsiyasi 2019 yilning may oyida tashkil etilgan.

Mavzuga oid
Top