17:50 / 14.10.2021
8524
“Yurak amri” loyihasi yana 60 nafar yetim bolaga sovg‘alar ulashdi

“Yurak amri” insonparvarlik loyihasi “60 kabutar” tadbirida Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 60 nafar yetim bolalarga sovg‘alar ulashdi.

Ota-ona mehridan mosuvo bu bolalar Mehribonlik uylariga topshirilmagan, yaqin qarindoshlari tomonidan vasiylikka olinib, oilalarda tarbiya topayotgan bolalardir.

Loyiha asoschilaridan biri Doston Ubaydullayev Kun.uz bilan suhbatda loyiha boshqa hududlarda ham tashkil etilishini ma'lum qildi.

Doston Ubaydullayev

“Bugun bu yo‘nalishdagi 4-tadbirimiz o‘tkazilyapti. Bu gal Shayxontohur tumanidagi shunday bolalarni xursand qilishni niyat qildik. Ularni topishda bizga yaqindan yordam bergan tuman hokimligiga ham minnatdorchilik bildiraman.

Toshkent shahridagi barcha tumanlarda shunaqa tadbirlar o‘tkazishni mo‘ljallagan edik. Fikrimizni o‘zgartirishimizga to‘g‘ri kelyapti, chekka hududlardayam shunday bolalar bor va ular ham mehrga muhtojligi sabab viloyatlarda ham “60 kabutar” loyihasini tashkillashtirishni niyat qildik.

Bir narsa bizni xursand qiladi: ayrim viloyatlarda ham saxovatpesha insonlar tomonidan shunaqa tadbirlar o‘tkazilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Ularga ibrat bo‘lganimizdan xursandmiz, shu kabi loyihalar ko‘paysa, maqsadimizga yetgan bo‘lamiz.

Oldingi loyihalarimizda sovg‘alarni o‘zimiz tayyorlagan edik. Bu gal o‘zgacha yondashdik: bolalarning yoniga birma-bir borib ularning orzulari, nima olishni xohlayotganliklari bilan qiziqdik. Kimdir kompyuter, kimdir velosiped so‘rashini, yana kimdir o‘quv markazida tahsil olishni, ammo imkoniyati yo‘qligini aytdi. Shunga qarab biz ularga sovg‘a hozirladik va bugun ularni topshiramiz”, – dedi loyiha tashabbuskori 13 oktabr kungi tadbirda.

Doston Ubaydullayev homiylik yordami ko‘rsatgan barcha saxovatli insonlarga va hamkorlikda ish olib borayotgan o‘quv markazlariga tashakkur bildirdi.

Tadbirda loyiha tashabbuskorlari hamda homiylar tomonidan bolalarga sovg‘alar topshirildi. 20 ta tikuv mashinasi, 15 ta velosiped, 12 ta noutbuk, 4 ta planshet, 2 ta telefon, 1 ta sovitkich, 1 ta konditsioner va o‘quv kurslariga 25 ta yo‘llanmadan iborat sovg‘alar 60 nafar o‘ksik ko‘ngilni xushnud qildi.

Bundan tashqari, ularga turli shirinliklar va issiq kiyim-bosh ham taqdim etildi.

Bolalar uchun chin ma'nodagi bayram dasturida ertak qahramonlari, ko‘ngilochar o‘yinlar ularning ko‘zidagi olam-olam quvonchga, mehrga tashna yuraklarining biroz bo‘lsa-da taskin olishiga sabab bo‘ldi.

Top