11:48 / 15.10.2021
479
Sirdaryoda «Temir», «Ayollar» va «Yoshlar daftari»ga 16,5 mlrd so‘m mablag‘ o‘tkazildi – MIB

Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga 16,5 mlrd so‘m pul mablag‘lari o‘tkazib berildi. Bu haqda MIB viloyat boshqarmasi Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Foto: Kun.uz

Joriy yilning o‘tgan davrida Mahalliy hokimlik, prokuratura, soliq va boshqa idoralar bilan hamkorlikda jami 545 mlrd so‘m, shundan davlat foydasiga 249 mlrd so‘m mablag‘ amalda undirildi.

Ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliqdan tashqari davlat foydasiga undiriladigan mablag‘lar hisobidan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga yanvar-sentabr oylarida 16,5 mlrd so‘m pul mablag‘lari proporsional ravishda (5,5 mlrd so‘mdan) o‘tkazib berildi.  

Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan 186 nafar qarzdor jismoniy shaxsga nisbatan qidiruv e'lon qilingan bo‘lib, olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida, ularning 91 nafari topilgan. Shundan, qolgan qidiruvdagi qarzdor jismoniy shaxslarning 72nafari mahalliy qidiruvda bo‘lib, respublika hududidan chiqib ketganlari 23 nafarni tashkil etadi.

Shuningdek, 36 ta avtomototransport vositalariga qidiruv e'lon qilingan bo‘lib, olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida, 20 tasi topilgan va 16 ta avtomototransport vositalari bo‘yicha qidiruv e'lon qilingan.

Aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha 9 238 nafar bolaning ta'minoti uchun 8 339 nafar qarzdordan davriy to‘lovlar yuzasidan ijro harakatlari olib borilmoqda. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 553 ta oila qayta tiklanishiga erishildi.

Shuningdek, aliment to‘lovlari bo‘yicha 68 ta holatda qarzdorlar tomonidan bolalarining voyaga yetguniga qadar ta'minoti pul mablag‘i, uy-joy, avtomashina va boshqa shaklda to‘liq qoplandi.

Voyaga yetmagan farzandlarini moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlagan shaxslarga nisbatan JKning 122-moddasi bo‘yicha 39 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilgan va ayblov dalolatnomalari bilan sudlarga yuborilgan.

MIB tizimidagi xodimlarning nomunosib xatti-harakatlari yuzasidan 65 nafar xodimga nisbatan, jami 8 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra, tekshiruv o‘tkazilgan barcha xodimlar tomonidan “Prokuratura xodimi” degan nomga dog‘ tushiruvchi nomunosib xatti-harakatlar sodir etilgani o‘z tasdig‘ini topgan va tegishli tartibda javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, xizmat va ijro intizomi buzilishi kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida jami 141 ta profilaktik tadbir o‘tkazilib, shundan 87 nafar xodim bilan individual tartibda profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

Mazkur davrda faoliyati davomida mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 48 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, xizmat vazifalarini mas'uliyat bilan bajarib, ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan 79 nafar xodim rag‘batlantirildi.

Top