21:24 / 28.10.2021
10885

“Olovni mustaqil o‘chirishga harakat qilishgani uning kattalashib ketishiga sabab bo‘lgan” - FVB

28 oktabr kuni Toshkent davlat texnika universiteti o‘quv binosi yonidagi oshxonada yong‘in sodir bo‘ldi. Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, FVB xodimlari va universitet rahbariyati bilan uchrashdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati rahbari Murod Sodiqovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, 28 oktabr kuni soat 13:44 da Toshkent shahar Olmazor tumani Universitet ko‘chasida joylashgan oshxonada yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan.

“Holat yuzasidan 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 13:50 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 14:03 da qurshab olingan va soat 14:09 da batamom o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida oshxona binosining 120 m.kv maydoni yonib zararlangan. Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda”, – dedi u.

Voqea joyida bo‘lib turgan Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot kotibi Anvar Rustamovga ko‘ra, universitet xodimlarining yong‘inni mustaqil o‘chirishga bo‘lgan harakatlari ham uning kengayib ketishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

“Yong‘in bo‘lgan joyda yigirmadan ortiq birlamchi yong‘in o‘chirish moslamalarining turgani bizga qo‘ng‘iroq bo‘lguncha shu yerdagi xodimlarning o‘zi 15–20 daqiqa davomida yong‘inni o‘chirishga harakat qilganini bildiradi”, – dedi Rustamov.

Xodisa tafsilotlari o‘rganilmoqda.

Top