13:55 / 03.11.2021
3746

Turkiya universitetlaridan birida O‘zbekiston xotira bog‘i tashkil etildi

Turkiya poytaxti Anqara shahridagi universitetlardan birida O‘zbekiston xotira bog‘i tashkil etildi. Bu haqda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Foto: Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Ma'lum qilinishicha, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlaridan iborat delegatsiyaning Turkiya Respublikasiga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston xotira bog‘ida daraxt ekish tadbiri ham tashkil etilgan.

Tashrifdan maqsad, O‘zbekiston hududidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalar, xususan, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy hamda ularning izdoshlari bo‘lgan olimlarning ilmiy merosini xalqaro jamoatchilikka yetkazish, jahon qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan Qur'on, tafsir, hadis, fiqh, aqida, kalom va tasavvuf sohalariga oid qo‘lyozma hamda toshbosma asarlarining faksimile nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish, Islom ilmlarining bugungi kundagi ahamiyatini tadqiq etish yo‘nalishida xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishdir.

Foto: Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Delegatsiya a'zolari safar davomida Turkiyaning “TRT AVAZ” teleradiokanali direktori Sedat Sag‘irkaya bilan uchrashgan. Unda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Abul Muin Nasafiy kabi allomalarning Islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini xalqaro jamoatchilikka keng targ‘ib qilish yuzasidan “TRT AVAZ” teleradiokanali bilan hamkorlikda media mahsulotlar, hujjatli va badiiy filmlar tayyorlash bo‘yicha muzokaralar olib borilgan.

Shuningdek, delegatsiya vakillari Islom tafakkuri institutiga ham tashrif buyurib, institut rahbati professor Mehmet Go‘rmez bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan muzokara olib bordi, deyiladi xabarda.

Foto: Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Delegatsiya a'zolari safar doirasida Anqara Yildirim Boyazid universitetiga borib, universitet rektori professor Ibrohim Oydinli bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilishdi.

Qayd etilishicha, Anqara Yildirim Boyazid universiteti hududida yangi darvoza barpo etilmoqda. Ushbu darvoza bilan yonma-yon O‘zbekistonda yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlarning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasi hamda qardosh turk xalqining o‘zbek millatiga bo‘lgan yuksak ehtiromi ramzi o‘laroq, “O‘zbekiston xotira” bog‘i ham bunyod etilmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu universitetga tashrifi munosabati bilan “O‘zbekiston xotira” bog‘ining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixonasi xodimlari, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillari, Anqara Yildirim Boyazid universiteti professor-o‘qituvchilari hamda nufuzli mehmonlar ishtirok etdilar. O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari ezgu niyatlar ila ushbu boqqa ilk nihollarni o‘tqazdilar.

Foto: Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Foto: Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Shuningdek, Turkiya safari davomida delegatsiya vakillari Turkiya millat kutubxonasiga ham tashrif buyurib, u yerdagi nodir qo‘lyozmalar, qadimiy hamda zamonaviy manbalar bilan yaqindan tanishdilar.

E'tiborli jihati shundaki, mazkur kutubxonada O‘zbekiston burchagi ham tashkil qilingan bo‘lib, unda mamlakatimizda chop etilgan adabiyotlar hamda davlatimiz haqidagi nashrlar o‘rin olgan.

Top