17:22 / 13.11.2021
28703
“Mahallabay” hokim yordamchisi lavozimi: nega ko‘pchilik bu ishni xohlamayapti?

Mahallada doimiy asosda faoliyat yurituvchi hokim yordamchisi lavozimiga boshqa joylarda ishlab turganlar majburan safarbar qilinayotgani tanqid va noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.

Fotokollaj: Kun.uz

Qachondir Xitoy qo‘llagan “kommuna” modeliga o‘xshab ketadigan bu usulning maqsadi bir qarashda juda yaxshi. Kambag‘allikni bu muammo eng urchigan joylarning o‘zida hal qilish, aholini daromadga o‘rgatish, hududlarni rivojlantirish va eng muhimi – ishsizlikni kamaytirish kabi rejalarni mujassam qiladi.

O‘zbekistonda ko‘pchilik tan olmagan jiddiy muammolardan biri bu qishloq va shahar o‘rtasidagi tafovutning o‘ta keskinlashib ketgani. Yirik shaharlardagi sharoitlarning aksariyati qishloqlarda yo‘q. Qishloq bolasi televizordagi yarqiroq maktablarni ko‘rib hayratga tushsa, shahar ahli qishloqlardagi paxsa maktablarni ko‘rib dahshatga tushadi. Hududlardagi tushkunlik, depressiv vaziyat yangi muammolar tug‘diradi – erkaklar daromad izlab ommaviy ravishda boshqa joylarga jo‘nashadi, bolalar otasiz katta bo‘ladi, ishsizlik ichkilikbozlik va jinoyatga yetaklaydi, ertangi kunga ishonchning susayishi ommaviy norozilik muhitini yaratadi. Bir vaqtlar qishloqni baquvvat qilib turgan dehqonchilik va chorva ham ortga ketgan, ko‘pchilik qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga urgan.

Yangi g‘oyaga ko‘ra, yaxshi mutaxassislar usta menejyer sifatida shunday joylarga borib, odamlarni mehnat va daromadga safarbar qilishlari lozim.

Ammo yana uslub o‘zimizga xos – buyruq keldi, majburlab bo‘lsa-da bajar, yuqoriga chiroyli raqamlar bilan hisobot ber, o‘zing tushunmasang-da, bu dasturning naqadar zo‘r ekanligi bo‘yicha maddohlik qil, nima qilib bo‘lsa ham vaziyatdan chiq.

Ta'kidlash lozim, har qanday fuqaroni qayerdadir majburlab ishlatish mumkin emas (sud hukmi bo‘lmasa albatta). Hammasi ixtiyoriy bo‘lishi shart.

Lekin nega ko‘pchilik “Mahallabay hokim yordamchisi” bo‘lmoqchi emas? Lavozim talash bo‘lmayapti? Nafaqat talash bo‘lmayapti, balki juda ko‘pchilik bundan qochyapti? Sabablarini tahlil qilib ko‘ramiz.

  1. Mavhumlik: Hali hech kim bu lavozim egalarini nima kutayotganini bilmaydi. Ular hokimlarning navbatdagi so‘kish obektlariga aylanib qolish ehtimolini his qilishmoqda.
  2. Vakolatlar noaniqligi: Hududlarda muammolar qalashib yotibdi, hokim yordamchilari borishlari bilan aholi ularni muammoga ko‘mib tashlaydi. Xo‘sh, deylik svet o‘chishi yoki gazning yonmayotganini bilganidan so‘ng yordamchi “elektroset” yoki “raygaz”ga bosh uradimi, aytilgan bilan muammo yechilib qoladimi, kimdir hokim yordamchisiga bo‘ysunadimi? Svet-gazning yo‘qligi kim uchun yangilikki, uni yetkazuvchi yana bir og‘izga ehtiyoj bo‘lsa. Qolaversa, mahalla raisi bilan subordinatsiya masalasi ham hozircha so‘roq ostida.
  3. O‘zining issiq o‘rnidan, oilasi o‘rgangan qulayliklardan ayrilish: nomzodlarning aksariyati bankirlar, soliqchilardan iborat, ya'ni buyruqni so‘zsiz bajaradigan, yangi sharoitlarga darhol moslashishga o‘rgangan harbiylar emas. Qolaversa, ikki yil davomida shu tartibda ishlanilishi aytilarkan, bu muddat yakuniga ko‘ra mutaxassisning ish o‘rni nima bo‘lishi ham noma'lum. Ikki yil o‘z ish joyidan ketgan xodim katta ehtimol bilan o‘sha o‘rnini yo‘qotadi.
  4. Daromaddan mosuvo bo‘lish: Bu eng jiddiy sabab. Bu tashabbusdan eng ko‘p norozi bo‘layotganlar tuzukroq surishtirilsa, aksariyati iqtisodiy blokda yaxshigina daromad qilib turgani ma'lum bo‘ladi. Hududlarda bankirlar nimadan “non yeyishi” katta sir emas, soliqchilar-ku inchunun. Endi ular uchun real xavf tug‘ildi. Lekin bunday yog‘li joyga o‘tirishni eplagan ustomonlarning aksariyati bu kampaniyadan ham “qutulib qolish” yo‘lini topmoqda.
  5. Ular borishmagan, ularga kelishgan: Shu paytgacha aholi bu odamlar yoniga bosh egib, qimtinib kelgan, iltimos qilgan, yalingan. Endi bu kreslo egalari o‘sha odamlar yoniga borib muammosini yechib berishi zarurligi ular uchun aql bovar qilmas holatdek ko‘rinmoqda.

Umuman, qishloqlarda aholini daromadga o‘rgatish kampaniyalari qisqa tarix davomida bir necha marta o‘tkazilgan. Tovuq, quyon, echki tarqatildi, limon ekildi, issiqxonalar qilib berildi. Lekin bu ishlar o‘lda-jo‘lda qolib ketaverdi. Haqiqiy muhtojning ahvoli o‘zgarmadi, ammo kimlarningdir cho‘ntagi qappayaverdi. Aksincha, boyishi kerak bo‘lgan kambag‘alning bo‘yniga qarz ilinib, battar qashshoqlashgani qoldi.

Gumon borki, hokim yordamchilari mana shu muammolarni ham hal qilishi kerak. Ya'ni u o‘ziga ajratilgan hududga berilgan pullar uchun mas'uliyat yuklanadi, nazorat qilinadi va natija so‘raladi. Agar bu lavozim egasi ishiga sidqidildan yondashib harakat qilsa, shubhasiz, yaxshi samara kutish mumkin. Aksi bo‘lsa, davlat uchun yana bir yemakxo‘r yaratilgani qoladi.

Yuqorida bu g‘oya uchun andoza Xitoy kommunasidan olingan, dedik. Xitoyning “rahnamo ota”si Mao Tszedun o‘ylab topgan bu g‘oya bo‘yicha rosa urho-ur qilingan. Katta va'dalar berilgan, jamoaviy xo‘jalikka o‘tilgan, xususiy mulkdan voz kechishga urinilgan. Bir necha yil jarangdor raqamlar bilan aldab turilgan bo‘lsa-da, yakuniy natija ayanchli bo‘lgan – iqtisodiyotning keskin orqaga ketishi, ommaviy ocharchilik va hisobsiz o‘limlar...

Keyinchalik boshqaruv Den Syaopinning qo‘liga o‘tishi bilan asta-sekin ishbilarmonlik muhiti tiklangan, aholi boy bo‘lishi orqali davlat boyishi tamoyiliga amal qilingan, odamlarga buyruqbozlik bilan emas, ishlash uchun sharoit yaratib berish orqali kambag‘allik bartaraf qilingan. Hanuzgacha Xitoyning boshqaruv tizimi na kapitalistik, na sotsialistik. Ya'ni bu davlat aynan o‘ziga xos usul bilan taraqqiyotga erishmoqda.

Uzluksiz islohotlar davrini boshdan kechirayotgan O‘zbekiston ham sinov va xatolar usulida o‘z yo‘lini topishga majbur. Hozircha aynan odamlar daromad topishiga e'tibor qaratilgan ekan, yangi g‘oyadan umid qilsa bo‘ladi. Bu tashabbus natijalari ham bir necha yil ichida ma'lum bo‘ladi. Demak, yaxshi niyatda kutamiz.

Abror Zohidov

Top