20:27 / 15.11.2021
3995

Yevropa ittifoqi O‘zbekistonda Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish markazi tashkil etmoqchi

Foto: Xalq so‘zi

O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi Termiz shahrida Afg‘onistonga insonparvarlik yordami ko‘rsatish uchun markaz tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

2021 yilning 15 noyabr kuni O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Bryussel shahrida Yevropa ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa ittifoqining afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, shuningdek, mamlakatga tez fursatda insonparvarlik va boshqa yordam ko‘rsatish borasidagi sa'y-harakatlari muhokama qilindi.

Tomas Niklasson O‘zbekistonning Yevropa ittifoqiga a'zo davlatlar fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilishda ko‘rsatayotgan yordamini yuqori baholadi hamda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish, shuningdek, Termiz shahrida gumanitar xab tashkil etishda mamlakat bilan kelgusida faol hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi.

Tomonlar Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, xalqaro hamjamiyatning mamlakatdagi yangi hokimiyatga nisbatan umumiy pozitsiyasini ishlab chiqish, Afg‘onistonda gumanitar inqirozning oldini olish yuzasidan fikr almashdi.

Afg‘on muammosi bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirish yuzasidan o‘zaro manfaatdorlik mujassamligi bildirildi

Top