19:08 / 28.11.2021
9770
Shavkat Mirziyoyev Ashxobodda Eron prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi va Toshkentga qaytib keldi

O‘zbekiston prezidenti Eron prezidenti bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida o‘tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Eron Islom Respublikasi prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

«Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama savdo hajmining ortishiga ko‘maklashish, sanoatda yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, ikki mamlakat tranzit salohiyatidan samarali foydalanish va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini ilgari surish maqsadida hamkorlikning institutsional mexanizmlarini faollashtirish muhim ekani ta'kidlandi.

O‘zbekiston va Eron yetakchilari Afg‘onistondagi bugungi vaziyatdan kelib chiqib mintaqa kun tartibi hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi yaqin muloqotni davom ettirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratdilar», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ashxoboddan Toshkentga qaytib keldi.

Davlat rahbari sammitdagi nutqida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘plab takliflarni ilgari surdi.

Anjuman yakunida Harakatlar uchun Ashxobod konsensusi imzolandi. 

Sammit yakunida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga raislik 2022 yilda O‘zbekistonga o‘tishi ma'lum qilindi. 

Top