21:06 / 29.11.2021
16216
Jorjinoning sarguzashti. Haftasiga 20 yevro maoshdan «Oltin to‘p» da'vogarligigacha
Foto: Getty Images

Bugun, 29 noyabr kuni uzoq kutilgan «Oltin to‘p-2021» marosimi bo‘lib o‘tadi. Ushbu sovrin uchun asosiy ikki nomzod sifatida ko‘rilayotgan Robert Levandovski va Lionel Messi variantlarini ko‘rib chiqishga ulgurdik. Kechaning yana bir asosiy qahramoni Jorjinoga esa o‘zgacha uslubda to‘xtalmoqchimiz. Sarrining yoqimtoyi sifatida Londonga kelib, shu yerda qolib ketgan italiyalik yarimhimoyachi qanday yo‘lni bosib o‘tgan? Birgalikda ko‘rib chiqamiz.

«Verona»dagi bolakay 

Jorjino familiyali futbolchi Italiyada o‘zidan-o‘zi paydo bo‘lmasligi tushunarli. Braziliyaliklarga xos familiyaga ega futbolchi rostdan ham Janubiy Amerikaning eng katta mamlakatida tug‘ilgan. U Santa Katarina shtatining Imbituba shahrida tug‘ilib, 15 yoshida Italiyaga yo‘l olgan. O‘z navbatida, u italyan millatiga begona emasdi. Sababi, uning katta bobosi (bobosining otasi) Galkomo Frello italyan bo‘lgan va Braziliyaga ko‘chib ketgan. Shu jihatdan, Jorjino Frelloning Italiya fuqaroligini olishi u qadar qiyin kechmagan. Qiyinchiliklar uning moliyaviy holatiga atalgandi. Verona yoshlar jamoasida o‘ynab yurgan kezlarida agenti tomonidan aldab ketilgan futbolchi sportni tashlab ketmoqchi ham bo‘lgan. Braziliyaga qaytmoqchiligi haqida onasi bilan telefonda gaplashgach, fikrini o‘zgartirgan va kurashishda davom etgan. Uning o‘zi o‘sha ilk davrlarni shunday xotirlaydi.

«Men Verona shahridagi markaziy xiyobonda ko‘p yurardim. U yerda «McDonald’s» tamaddixonasi bor edi. Men 1 yevroga milksheyk sotib olardim. Kartoshka frisi? Burger? Bularni xayolingga ham keltirma, do‘stim. Bular faqat boy bolalar uchun mo‘ljallangan taomlar».

Jorjino «Verona»dagi dastlabki vaqtlarida haftasiga 20 yevro maosh olardi. Bu yerda u asosiy jamoa darvozaboni Rafael bilan tanishdi va u Jorjinoning hayotini o‘zgartirib yuborgan chin do‘st edi.

«Jorjinoni birinchi marta ko‘rganimda u asosiy jamoaga endi kelib qo‘shilgandi. Men bolakay bilan gaplashdim, chunki uning Italiya fuqaroligini olgan braziliyalik ekanini bilgandim.

Uni mashg‘ulotlardan so‘ng, o‘z uyimga olib ketardim. Bolakayning o‘zi yashayotgan og‘ir hayotni biroz bo‘lsa-da, esdan chiqarishini xohlardim. Shahar markazida turardim. U menga oilasi, hayoti va maktabi haqida gapirib berardi. U o‘shanda maktabda o‘qirdi. O‘qishdan so‘ng, mashg‘ulotlarga kelardi.

Jorjino haftasiga 20 yevro maosh olishini aytganida juda jahlim chiqqandi. U yosh va iqtidorli edi. Bunday iste'dod egasiga bu qadar arzimagan pul to‘lash noto‘g‘ri. Shunda men klub mutasaddilari bilan gaplashdim. Jorjinoga professional shartnoma berishlari yoki qo‘yib yuborishlari kerakligini aytdim. Shunda ular u bilan shartnoma hujjati stolda tayyor turganini aytishdi. Faqat uning oldingi agenti bilan muammo bo‘lgan ekan. Tez orada, u birinchi rasmiy shartnomasiga ega bo‘ldi. Uy va mashina sotib oldi va oilasi bilan birga yashashni boshladi», - degan edi Rafael.

Jorjino o‘zidan 10 yosh katta Rafaelni akasidek yaxshi ko‘radi. Sababi, aynan u futbolchini yoshlik davrida qo‘llab-quvvatlagan. U katta musobaqalar finalida ishtirok etar ekan, do‘stini albatta taklif qiladi va g‘alabalarini u bilan baham ko‘radi.

Foto: AP

Neapol yo‘li

Uning «Napoli»dagi faoliyati ham u qadar muvaffaqiyatli boshlanmagan. 2014 yilning 18 yanvarida neapolliklar uni ijaraga olishadi va mavsum yakunida rasmiy shartnoma imzolanadi. Jorjino dastlabki pallalarda maydonda ko‘p o‘ynamadi. Rafael Benites vaqtida u asosiy tarkibning o‘zgarmas va asosiy vakillari qatoriga kirmasdi. Shu bilan bir qatorda, o‘sha vaqtlarda futbolchining biroz yosh bo‘lganini ham aytib o‘tish joiz.

Mauritssio Sarrining neapolliklar boshqaruviga kelishi esa Braziliyada tavallud topgan futbolchining kelgusi faoliyati uchun katta qadam bo‘lib xizmat qilgan. Italyan mutaxassis yarimhimoyachidagi yuqori iste'dodni payqagan. Jorjino raqib pressingidan chiqib ketish va hujumni qurishda benazir futbolchi hisoblanadi. Bu jihatni aynan Sarri kashf etgan. Jorjino ishtirok etgan istalgan uchrashuvni tomosha qilsangiz, uning uzatma amalga oshirishda juda kamdan-kam adashishiga guvoh bo‘lasiz. 2017-2018 yilgi mavsumda «Napoli» A Seriya g‘olibligi uchun juda jiddiy kurash olib bordi. Lekin yakunda klub skudettodan chetda qolib ketdi. Shundan so‘ng, Sarri Angliya Premer-ligasiga yo‘l oldi va uni o‘zi bilan Londonga olib ketdi.

«Chelsi»dagi muvaffaqiyat

Jorjino Mauritsio Sarri bilan bir kunda — 2018 yilning 14 iyulida «Chelsi» vakili sifatida tanishtiriladi. «Aristokratlar» uni 50 mln funt-sterlingga xarid qiladi va 5 yillik shartnoma tuziladi. Sarri faktori bo‘lmaganda, u «Manchester Siti»ga ko‘chib o‘tishga yaqin edi. Bu haqda «Napoli» prezidenti Aurelio de Laurentis o‘z intervyularida bir necha marotaba aytib o‘tgan. Italiya milliy jamoasi a'zosi debyutini Angliya Superkubogi doirasida aynan «Manchester Siti»ga 0:2 hisobida boy berilgan uchrashuvda amalga oshirgan. 6 kundan so‘ng, «Haddersfild»ga qarshi uchrashuvda Premer-ligadagi ilk bahsida ishtirok etgan Frello dastlabki uchrashuvidayoq penaltidan gol kiritishga muvaffaq bo‘lgandi.

«Stemford Bridj»ga ko‘chib o‘tish uning uchun rosmana omadli voqea bo‘ldi. U londonliklar bilan Yevropa Ligasi va Chempionlar Ligasida zafar quchishga erishdi. Aynan «Chelsi»dagi yillari vaqtida milliy jamoasi bilan Yevropa chempioniga aylandi. Joriy mavsum esa APLda klubi bilan peshqadamlik qilmoqda.

2020/2021 yilgi mavsum uchun UYeFA talqiniga ko‘ra, eng yaxshi futbolchi deb topilgan Jorjino «Oltin to‘p» uchun ham asosiy favoritlar qatorida turibdi. U ushbu yilning 2ta eng katta titulini yutgan yagona futbolchi. Bunday titullarni boshqa hech bir nomzodda ko‘rmaysiz. Lekin gap uning «Oltin to‘p»ni olish yoki olmasligida emas. Jorjino futbolchilik faoliyatini yakunlashi mumkin bo‘lgan nochorlik davrlarini mana shunday ulkan muvaffaqiyat pallalariga ulab yubora oldi. Ushbu sovrin italiyalik yarimhimoyachiga nasib etmasa ham, uning 2021 yil haqidagi xotiralari to‘laligicha ijobiy bo‘lib qolaveradi.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi. 

Mavzuga oid
Top