08:02 / 01.12.2021
16993

Toliblar O‘zbekistonga Afg‘onistondan tahdid kelmasligini yana bir bor ma'lum qildi

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi Kobul shahriga tashrif buyurib, Afg‘oniston muvaqqat hukumati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.

Foto: Dunyo

Vazirlar Mahkamasi rahbariyati, Tashqi va Ichki ishlar, Jamoatchilik, Energetika va Iqtisodiyot vazirliklarida muzokaralar olib borildi. Mamlakatdagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik va boshqa yordam ko‘rsatish borasidagi sa'y-harakatlar, energetika va transport sohalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomonidan elektr energiyasini uzluksiz yetkazish, O‘zbekiston-Afg‘oniston davlat chegarasi ish tartibini davom ettirish, Mozori-Sharif xalqaro aeroporti faoliyatini tiklashga ko‘maklashish, insonparvarlik yordamini o‘z vaqtida ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga yuqori baho berildi.

Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston tashabbusi bilan boshlangan Surxon – Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi va Mozori Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘li qurilishi kabi infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni imkon qadar tezroq boshlashga tayyorligini tasdiqladi. Bu loyihalar mamlakatni mintaqaviy jarayonlarga bosqichma-bosqich jalb etishning asosiy omiliga aylangan integratsiya va o‘zaro bog‘liqlikka xizmat qiladi.

“Afg‘oniston vakillari O‘zbekiston tomonini O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlariga, umuman, butun dunyoga zarracha tahdid ham hech qachon ushbu davlat hududidan kelmasligiga ishontirdi”, deyiladi ma'lumotda.

Afg‘onistonning yangi hukumati O‘zbekiston bilan birgalikda ikki mamlakat xalqlarining buyuk ajdodlari – Alisher Navoiy (Hirot), Zahiriddin Bobur (Kobul), Abu Rayhon Beruniy (G‘azna) va Boborahim Mashrab (Tahor) qo‘nim topgan maskanlarda obodonlashtirish ishlarini olib borishga tayyorligini bildirdi. Mamlakat maktablari va oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tilini o‘rganishga ham alohida e'tibor qaratilishi aytiladi.

Afg‘oniston tomoni mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash yo‘lida ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo‘lida O‘zbekiston bilan birodarlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishini bundan keyin ham davom ettirishga qat'iy ekanini tasdiqladi, deyiladi xabarda.

Top