21:15 / 13.12.2021
7892

Tayvan Xitoy mashg‘ulotlar o‘tkazish niqobi ostida orolga hujum qilishidan xavotirlanmoqda

Taxmin qilinishicha, operatsiyaning birinchi bosqichida Xitoy armiyasi mashg‘ulotlar davomida quruqlikdagi kuchlar, harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlarini ishga soladi.

Foto: AFP

Xitoy xalq ozodlik armiyasi (XXOA) Tayvan yaqinidagi mashg‘ulotlarni kutilmagan desant operatsiyasiga aylantirgan holda orolga hujum qilishi mumkin deb xabar berdi South China Morning Post (SCMP) nashri Tayvan mudofaa vazirligi ma'ruzasiga tayanib.

Hujjatga ko‘ra, voqealarning bunday rivoji 2025 yilga borib Tayvanga kirishni ko‘zlagan Pekinning maqsadiga mos tushadi.

Vazirlikning taxminicha, operatsiyaning birinchi bosqichida XOAK mashg‘ulotlar davomida quruqlikdagi kuchlar, harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlarini ishga soladi.

“So‘ngra xorijiy kuchlarning Tayvanga yordam berishiga to‘sqinlik qilish va strategik qurshovga olish uchun Tinch okeanining g‘arbiy qismiga turli kemalarini jo‘natadi”, — deya hujjatdan iqtibos keltiradi SCMP.

Tayvan harbiylarining taxminiga ko‘ra, XOAK operatsiya vaqtida ballistik va qanotli raketalar bilan Tayvan havo hujumidan mudofaa, radar tizimlari va qo‘mondonlik markazlariga zarbalar beradi.

Dengiz va havoda hukmronlik o‘rnatganidan so‘ng oroldagi harbiy bazalarga zarba berish uchun desantlar tashlanadi. Operatsiyalar tezkorlik bilan, xorij kuchlari aralashguniga qadar o‘tkaziladi.

Ma'ruzada shuningdek, tayvanlik deputatlar mudofaa vazirligining maxsus budjetini qo‘llab-quvvatlashga chaqirilgan. Nashrning eslatishicha, noyabrda mahalliy ma'muriyat orolning mudofaa salohiyatini oshirish uchun 8,54 mlrd dollar miqdoridagi qo‘shimcha harbiy budjetni ma'qullagan.

Top