17:54 / 25.12.2021
16489

Uzbekistan GTL zavodi ishga tushirildi

Qashqadaryo viloyatida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishga mo‘ljallangan "Uzbekistan GTL" zavodi ishga tushirildi. Zavod 2022 yil 1 martda to‘liq rejimga chiqadi.

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ishga tushirilgan zavodning noyob texnologik ustunliklari va mamlakatdagi boshqa sanoat loyihalaridan ajralib turuvchi xususiyatlari haqida so‘z yuritdi. 

Jumladan, bunday yirik majmua shu paytgacha jahonda faqat 4 ta davlatda – Qatar, Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Malayziyada barpo etilgan. Majmua qurilishida bir vaqtning o‘zida 13 mingdan ortiq muhandis va ishchi-quruvchilar qatnashgan. Zavodda Yaponiya, Koreya, Singapur, AQSh, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy kabi 24 ta davlatdagi 130 ga yaqin yetakchi korxonalarda ishlab chiqarilgan 10 mingdan ziyod uskunalar o‘rnatildi. Ishlab chiqarishga doir texnologik yechimlar, uskuna va jarayonlarni qo‘llash uchun 140 ta xalqaro litsenziya va patent olindi.

Prezident zavod qurilishida ishtirok etgan barcha muhandis va quruvchilarga, loyihani amalga oshirishga ko‘maklashgan xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

"GTL zavodi va Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini kengaytirish bo‘yicha loyihalar Yangi O‘zbekistonda yangi sanoat davrini yaratish yo‘lidagi ilk yirik qadamlarimizdan biridir.

Biz qancha og‘ir bo‘lmasin, mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish va xalqimiz uchun munosib turmush darajasini yaratish yo‘lida marrani baland olib ishlash va yashashga o‘rgandik. 

Yangi yil ostonamizda eshik qoqib turgan ushbu quvonchli lahzalarda, barcha yutuqlarimizning ijodkori va bunyodkori bo‘lgan mehnatkash, mard va olijanob xalqimizga, sanoat sohasining jonkuyar va fidoyi ishchi-xodimlariga chuqur ehtirom bilan ta’zim qilaman", dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid
Top