19:15 / 07.02.2022
13675

Ruslanbek Davletov haydovchilik imtihonlari xususiy sektorga o‘tkazilayotganiga munosabat bildirdi

“Bozor – ochiq. Kim shu bozorda imkoniyat ko‘rayotgan bo‘lsa, mana, pul tiksin, ishlasin. Hech kim xalaqit qilib, to‘siq qo‘yayotgani yo‘q. Talablar hamma uchun bir xil”, dedi adliya vaziri.

Foto: Kun.uz

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov 7 fevral kungi matbuot anjumanida berilgan savolga javoban, haydovchilik imtihonlarini olish huquqi xususiy sektorga berilayotganiga munosabat bildirdi.

“Vazirlar Mahkamasi qarorida monopoliya yo‘q. Qarorda sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun talablar belgilangan. [...] Hozir davlat o‘z funksiyalarini xususiy sektorga topshiryapti. Davlat xizmatlari sohasida ham, yoki masalan avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish ham shunday bo‘ldi.

Birinchidan, bilasiz, bizda haydovchilik bo‘yicha ahvol juda yomon. Faqat buni haydovchilik guvohnomasini berish [tizimini o‘nglash] bilan hal qilib bo‘lmaydi. Bir yoqlamali yondashuv bo‘lmaydi. Oxirgi ikki yilda yo‘llarda 3 ming kishining o‘lgani – juda katta fojia. Uning sabablari ko‘p. Shulardan biri – haydovchilik guvohnomasini olish osonligi, u yerdagi korrupsiya, inson omilining ko‘pligi.

Endi davlat nima qilyapti? Davlat aytyaptiki, biz yangi tizim qilamiz, mana bunday talablar bo‘ladi, inson omilisiz avtomatik ravishda haydovchiga baho beradigan tizim bo‘lishi kerak. Davlat o‘sha talablarni belgilab qo‘ydi.

Qarorda aytilyaptiki, qaysidir hududda shu talablarga javob beradigan xususiy sektordagi tadbirkor kirib kelsa, davlat o‘zining shu funksiyasini tugatadi. Mana, Toshkent shahrida ochilibdi, natijada bu yerda [YHXning imtihon olish bo‘limlari] tugatildi. Lekin viloyatlarda hozircha unday emas, u yerlarda ham ochilsa, davlatning [haydovchilikka nomzodlardan] imtihon olishi to‘xtatiladi.

Yangi tizimdagi eng asosiy va qiyin talablardan biri – amaliy imtihonni avtomatlashtirish. Avtomatlashtirish qiyin emas, u yerda sinov maydoni kamida 10 ming kvadrat metr bo‘lishi kerak, degan talab bor, ana shu talab Toshkent shahrida qiyin bo‘lishi mumkin.

Bu masala prezident darajasiga ko‘tarilganidan keyin yangi tizimlar kirib keldi. Toshkentdagi imtihon markazi, tadbirkor sifatida shu sohaga kirib keldi, investitsiya kiritib shu ishni qilyapti.

[...] Bozor – ochiq. Kim shu bozorda imkoniyat ko‘rayotgan bo‘lsa, mana, pul tiksin, ishlasin. Hech kim xalaqit qilib, to‘siq qo‘yayotgani yo‘q. Talablar hamma uchun bir xil. Bozorga birdan uchtasi kirib kelishi shart emas-ku. Bir yildan keyin ikkinchisi, ikki yildan keyin uchinchisi kirib kelar balki.

Men huquqiy tomondan baho beraman. Masalan, kimdir uddaburonlik qilgan bo‘lsa, kimdir shu sohani oldindan tushungan bo‘lsa, kimdir lobbizm qilgan bo‘lsa... Kechirasizlar-ku, lobbizm ham o‘zidan o‘zi yo‘q bo‘lib ketmaydi, biz Adliya vazirligi “Lobbizm to‘g‘risida”gi qonunni ilgari suryapmiz, lobbi qilish qanday bo‘ladi, buni aniq qilib tartibga solaylik deyapmiz”, – dedi Ruslanbek Davletov.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil dekabr oyida davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazishga oid prezident qarori qabul qilingan edi. Qarorga asosan, 2021 yil 1 apreldan boshlab tegishli litsenziyaga ega tadbirkorlarga milliy haydovchilik guvohnomasi uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi berildi.

Shu asosda, 2021 yil may oyida hukumat qarori qabul qilinib, haydovchilik guvohnomasi imtihonini o‘tkazish obektlariga qo‘yiladigan talablar tasdiqlandi.

Mazkur qarorning 2-bandiga binoan, haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon o‘tkazish huquqiga ega tadbirkorlik sub’yektlari xizmat ko‘rsatayotgan hududlarda DYHXXning bu yo‘nalishdagi faoliyati tadbirkorlik sub’yektlarining tegishli litsenziyasi amal qilish sanasidan e’tiboran to‘xtatiladi.

2022 yil 3 fevraldan O‘zbekistondagi birinchi to‘liq avtomatlashtirilgan haydovchilik imtihoni kompleksi – “Toshkent imtihon markazi” faoliyatini boshladi. Shu munosabat bilan 4 fevraldan boshlab hukumat qaroriga asosan poytaxt IIBB YHXBning imtihon olish bo‘limlari haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlar qabul qilishni to‘xtatdi.

Mavzuga oid
Top