15:20 / 25.02.2022
7821

Surxondaryoda yer sotmoqchi bo‘lgan bojxona xodimi ushlandi

DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Jarqo‘rg‘on tumani Qumqishloq mahallasida yashovchi, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Gulbahor” chegara postida inspektor bo‘lib ishlayotgan Q.R. noqonuniy tarzda yer sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan.

Foto: KUN.UZ

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, Q.R. otasi M.S. nomiga rasmiylashtirilgan Jarqo‘rg‘on tumani Qorayantoq mahallasi hududidagi 8 sotix yer maydonini firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing pul mablag‘lariga ega bo‘lish maqsadida sotmoqchi bo‘lgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur yerni Q.R.ning otasi 2020 yil 22 dekabrda “Elektron onlayn auksionlarni tashkil qilish markazi” DUK tomonidan o‘tkazilgan onlayn savdoda YU 139-040298-sonli bayonnoma asosida 9 oy muddat ichida 120 million so‘m investitsiya kiritish sharti bilan qo‘lga kiritgan.

Q.R. tadbirga jalb qilingan shaxsdan yer uchun 32 million 550 ming so‘m pullarni Jarqo‘rg‘on tumani Dehqonobod mahallasida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasi xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan fuqaro Q.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Top