12:26 / 05.03.2022
10847
Yaqin kunlarda Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda – Turkiya elchisi

Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar yaqin kunlarda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an O‘zbekistonga tashrif buyurishini, ikki mamlakat o‘zaro savdo aylanmasini 10 milliard dollarga oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Turkiya qardosh O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan va Toshkentda birinchi bo‘lib diplomatik vakolatxona ochgan mamlakatdir. 2022 yil 4 mart kuni biz ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonladik. Biz «Qardoshlikka asoslangan strategik sheriklik» deb ta’riflagan aloqalarimizning bugungi darajasi qanchalik quvonarli bo‘lsa-da, zalvorli salohiyatimiz ko‘z oldimizga keltirilganda ikki qardosh davlat sifatida birgalikda hali ko‘p yo‘l bosib o‘tishimiz kerakligini tushunamiz. Prezidentlarimizning dadil va qat’iy qadamlari tufayli ayniqsa so‘nggi 5 yil ichida erishilgan munosabatlarimizdagi jadal sur’atni saqlab qolish birinchi navbatdagi vazifamizdir», — dedi ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan jurnalistlar bilan uchrashuv o‘tkazgan elchi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar / Foto: Kun.uz

Shuningdek, Olgan Bekar savdo aloqalarida ikki mamlakat o‘z salohiyatidan qanchalik foydalanayotgani haqidagi savolga ham javob berdi.

«2019 yilda 2,3 milliard AQSh dollari ko‘rsatkichi bilan ikki tomonlama savdo hajmi bo‘yicha erishilgan rekord natija 2021 yilda yangilanib, 3,6 milliard dollarga yetdi.

Lekin O‘zbekiston va Turkiyada bundan ko‘proq salohiyat bor. Shuni ham e’tiborga olish kerakki, pandemiyaga qaramay raqamlar o‘sib bormoqda. O‘zaro aloqalarda muhimi import-eksport muvozanati. Masalan, 2021 yilda davlatlarimiz o‘rtasidagi 3,6 milliard dollarlik savdo ayirboshlash hajmining teng yarmi import, qolgan yarmi eksportga to‘g‘ri keldi. Agar raqamlar bir tomonlama bo‘lganda muammo bo‘lishi mumkin edi.

Ikki davlat yetakchilari so‘nggi uchrashuvida tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish marra qilib qo‘yilgan edi. Keyinchalik buni 10 milliard dollarga yetkazish salohiyati borligi ma’lum bo‘ldi va yaqin kelajakda shu raqamlarga yetishga harakat qilyapmiz.

Ayni vaqtda bojxona, soliq va erkin savdo zonasi tashkil qilish borasida muzokaralar davom etmoqda. Yana bir narsa, tadbirkorlar va investorlarni majburlab olib kela olmaymiz, ularga qulay muhit kerak. Shunda o‘zlari keladi. Elchixonalarimiz, o‘zbek-turk tadbirkorlar jamiyati iqtisodiy hamkorlikni oshirish tadbirkorlarni biznes uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirishga harakat qilmoqda», — deya Olgan Bekarning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, elchi janoblari yaqin kunlarda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga tashrifi kutilayotganini ma’lum qildi.

«Tashrif sanasi aniq emas, hozir faqat tashrif kunini aniqlashtirish borasida muzokaralar ketmoqda. Lekin bu juda yaqin kunlarda amalga oshadi. Bu haqda O‘zbekiston hukumati OAVga xabar beradi», — dedi Turkiya elchisi.  

Top