13:53 / 06.03.2022
6943
Rossiyaning iFly aviakompaniyasi 5 martdan O‘zbekistonga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi

Rossiya Federatsiyasining Smartavia va iFly aviakompaniyalarining O‘zbekistonga amalga oshiriladigan parvozlari vaqtincha bekor qilindi. Bu haqda Fuqaro aviatsiyasi agentligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, ikki aviakompaniya O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi aerodromlariga bir martalik parvozni amalga oshirish uchun ruxsatnomalarga ega. Ammo Smartavia aviakompaniyasi 7 mart kuniga rejalashtirilgan Moskva—Urganch—Moskva yo‘nalishidagi parvoz bajarilmasligi yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Shuningdek, iFly aviakompaniyasi 5 mart sanasidan boshlab O‘zbekistonga bajarilishi kutilayotgan hamda barcha rejalashtirilgan yo‘nalishlarda o‘z parvozlarini noma’lum muddatga to‘xtatdi. Aviakompaniya bu haqdagi rasmiy ma’lumotni O‘zbekiston aviatsiya ma’muriyatiga taqdim etdi.

«Bekor bo‘lgan aviaqatnovlar yo‘lovchilari aviachipta pullarini qaytarish yoki chiptalarini boshqa muddatga qayta bronlash masalalari yuzasidan ushbu chiptalarni xarid qilgan aviakassalarga murojaat etishlari tavsiya etiladi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, G‘arb tomonidan qat’iy sanksiyalarga uchramoqda. 27 fevral kuni Yevropa davlatlari Rossiya samolyotlari uchun o‘z havo hududini yopishini e’lon qilgan.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top