13:02 / 13.03.2022
11203
Zelenskiy urush boshidan buyon 1300 nafarga yaqin ukrain harbiysi halok bo‘lganini ma’lum qildi
Dimitar Dilkoff / AFP / Scanpix / LETA

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urush boshlangan 24 fevraldan 12 martga qadar Ukraina harbiylaridan 1300 nafarga yaqini qurbon bo‘lganini ma’lum qildi.

«Bizdan 1300 nafar atrofidagi harbiy halok bo‘ldi, Rossiyadan esa — 12 mingdan ortiq. O‘nga bir», — degan Zelenskiy.

U shuningdek, rossiyalik harbiylarning 500-600 nafari asirga tushganini ma’lum qilgan.

Ukraina hukumati har kungi axborotida rossiyalik harbiylarning yo‘qotishlari haqida xabar bermoqda (so‘nggi xabarda Rossiya armiyasi 12 mingdan ortiq kishi yo‘qotgani aytilgan - bu katta ehtimol bilan halok bo‘lganlar va yaralanganlarning jami soni), ammo urushning ilk kunidan keyin o‘z yo‘qotishlari sonini ochiqlamayotgandi. Prezident urushning birinchi kunida 137 nafar ukrainalik halok bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Rossiya urushning dastlabki kunlarida yo‘qotishlar yo‘qligini ta’kidlab keldi, faqat 2 mart kuni ilk marta o‘z yo‘qotishlari haqida ma’lumot berib, Ukrainada rossiyalik harbiylarning 498 nafari halok bo‘lib, mingdan ortiq kishi yaralangani, ukrainaliklarning yo‘qotishlari — 2,8 ming kishi ekanini ma’lum qilgandi.

G‘arb ekspertlari esa rossiyalik harbiylar orasidagi yo‘qotishlar 6 ming atrofida ekanini ma’lum qilgan.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, 24 fevraldan buyon Ukrainada tinch aholi vakillaridan 500 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top