19:30 / 16.03.2022
28138
Xitoy AQShni keskin qarshi choralar ko‘rish bilan ogohlantirdi

Chjao Litszyan sanksiyalar hech qachon muammoni yechishning samarali vositasi bo‘la olmasligini ta’kidladi.

Foto: Getty Images

Xitoy Ukraina masalasida o‘z fikriga ega va AQShning bir tomonlama sanksiyalariga qarshi. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Chjao Litszyan ma’lum qildi.

“Xitoyning sanksiyalar bo‘yicha munosabati aniq. So‘nggi vaqtda AQSh Xitoyga nisbatan ko‘plab ig‘vogarona bayonotlar berdi. Masalan, Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki agar Xitoy Rossiya “bosqini”ni qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lsa, jiddiy oqibatlarga duch kelishini aytdi.

“AQShning bayonotlari haqorat va qo‘rqitishni aks ettiradi hamda singib ketgan sovuq urush mentalitetini fosh qiladi. Bu bayonotlar shuningdek, Amerikaning “kuch pozitsiyada turib” harakat qilish falsafasini namoyon etadi.

Xitoy Ukraina masalasida o‘z mustaqil fikriga ega va vaziyatdan kelib chiqib xolis hamda odilona takliflarini bermoqda. Xitoy muloqot va muzokaralarga chaqiradi va mavjud inqirozni bartaraf etish bo‘yicha o‘z tashabbusini ilgari suradi”, dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “Rossiya mustaqil davlat sifatida o‘z qarorlarini chiqarish huquqiga ega”.

Shuningdek, Litszyan sanksiyalar hech qachon muammoni yechishning samarali vositasi bo‘la olmasligini ta’kidladi.

“Xitoy bir tomonlama sanksiyalarning barcha ko‘rinishlariga va AQShning “qo‘li uzun yurisdiksiyasi”ga qarshi chiqadi. Sanksiyalar to‘qmog‘ini silkitib, Xitoyning qo‘llab-quvvatlovi va hamkorligiga erishib bo‘lmaydi. Biz AQShni Xitoyning qonuniy huquq va manfaatlariga hech qanday shaklda putur yetkazmaslikka chaqiramiz. Agar AQSh o‘z yo‘lida davom etadigan bo‘lsa, Xitoy albatta keskin qarshi choralar ko‘radi”, dedi Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili.

Mavzuga oid
Top