18:15 / 18.03.2022
42318
Ukrainaga betaraflikning shvedcha yoki avstriyacha modeli taklif etilmoqda. Bu nima degani?

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda Ukraina uchun Avstriya yoki Shvetsiya variantidagi betaraflik maqomini mustahkamlab qo‘yish masalasida muhokamalar ketmoqda. Bu haqda Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qilgan.

Foto: Getty Images

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu variantni «ma’lum bir kelishuv sifatida ko‘rish mumkin». Peskov boshqa jihatlarga to‘xtalmagan.

16 mart kuni tinchlik muzokaralarida Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Vladimir Medinskiy Ukraina tomoni Avstriya yoki Shvetsiya modeli bo‘yicha taklif bilan chiqqani, bu masala Rossiya va Ukraina mudofaa vazirliklari rahbariyati darajasida muhokama etilayotganini ma’lum qildi.

«Bunday model mamlakat harbiy bloklarga kirish va o‘z hududida xorij harbiy bazalari joylashtirilishidan voz kechishini nazarda tutadi, ammo o‘z armiyasi va harbiy-dengiz kuchlariga ega bo‘lishda davom etadi», degadi u.

Kiyevdagilar esa mamlakat 2010 yildayoq betaraflik va qo‘shilmaslik haqida e’lon qilgani, ammo to‘rt yil o‘tib Rossiya Qrimni bosib olib, Donbassdagi ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlagani haqida eslatgan.

Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi, ukrainlar delegatsiyasi a’zosi Mixail Podolyak esa Ukraina Rossiya bilan urush olib borayotgani tufayli, muzokaralarda betaraflikning shvedcha yoki avstriyacha modeli emas, ukraincha modeli haqida gap ketishini ta’kidladi.

«Birinchidan, bu mutlaq xavfsizlik kafolatlarini anglatadi. Haqiqiysini, shunchaki protokoldagi yoki budapeshtcha emas. Bu esa Ukrainaga hujum qilingan taqdirda, kafolatlarni imzolovchi tomonlar bugungi kundagi kabi chetda turmasligini, mojaro vaqtida Ukraina tomonida turib, zarur qurollar zudlik bilan yetkazib berilishini ta’minlashi zarurligini anglatadi. Ikkinchidan, Ukraina endi osmoni yopilishi byurokratik tartiblarga bog‘liq bo‘lishini istamaydi. Bizga osmon yopilishi borasida aniq kafolatlar kerak», degan Podolyak Medinskiyning so‘zlariga munosabatida.

Agar uning qabul qilinishi harbiy harakatlarni to‘xtatsa, Ukraina neytraliteti varianti qanday nomlanishi u qadar muhim bo‘lmaydi. BBC Medinskiy tomonidan aytilgan Yevropadagi neytralitet modellari nimalarni nazarda tutishini ko‘rib chiqdi.

Avstriya modeli

Avstriya Rossiya bilan umumiy chegaralarga ega emas, barcha tomondan do‘stona davlatlar bilan qurshab olingan - ularning ko‘pi NATO a’zolari (Italiya, Germaniya, Sloveniya, Chexiya, Slovakiya va Vengriya), shuningdek, alyansga a’zo bo‘lmagan Shveytsariya va Lixtenshteyn.

Avstriya neytraliteti ma’lum darajada majburiy hodisa edi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Avstriya g‘olib davlatlar tomonidan egallangan, ularning har biri bu davlatni o‘z ta’sir doirasiga olishni istar edi.

Hitlerga qarshi koalitsiya bo‘yicha sobiq ittifoqchilar o‘n yil mobaynida Avstriya kelajagi borasida kelisha olishmaydi - u sotsialistik lagerga qo‘shiladimi yoki G‘arb mamlakatlari yo‘lidan boradimi. Muammo yechimi 1955 yilda Avstriya mustaqilligi va uning neytral maqomi to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolanishi bo‘ldi.

Avstriya neytraliteti e’lon qilinishi u nafaqat okkupatsiyadan xalos bo‘lishi, balki AQShdan xavfsizlik kafolatlari olishiga ham imkon beradi - bu ortiqchalik qilmasdi, chunki o‘sha vaqtda Avstriya Varshava kelishuviga a’zo davlatlar - Chexoslovakiya va Vengriya, shuningdek kommunistik Yugoslaviya bilan chegaradosh edi.

Sotsialistik blok qulashidan keyin betaraf Avstriya amalda NATO «soyaboni» ostida qoldi - nazariy jihatdan faqat Shveytsariya yoki Lixtenshteyn alyans mamlakatlari chegarasini buzmasdan Avstriyaga hujum qilishi mumkin, ammo bu shunchaki fantastik ssenariy.

Harbiy ittifoqlarda ishtirok etishdan bosh tortgan va o‘z hududida harbiy bazalar joylashtirilishini taqiqlagan bo‘lsa-da, Avstriya NATOning turli harbiy dasturlarida ishtirok etib, alyansga harbiy amaliyotlar o‘tkazishda yordam beradi hamda Yevroittifoq xavfsizlik tuzilmasiga a’zo hisoblanadi.

Avstriya va Shimoliy Atlantika alyansi o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanib bormoqda - xususan, o‘tgan yili Venada NATO bilan aloqa byurosi ochilishi to‘g‘risida bitim tuzilgandi.

Vaqti vaqti bilan (odatda saylovlar arafasida) Avstriyada NATOga kirish borasida bahslar bo‘lib turadi, ammo aholining ko‘p qismi bu g‘oyani yoqlamaydi.

Shvetsiya modeli

Shvetsiya neytraliteti Avstriyanikidan ancha uzoq tarixga ega. Napoleon urushlaridan keyingi ikki asrdan oshiq vaqt davomida bu davlat kim bilandir harbiy ittifoq tuzishdan saqlandi, qo‘shnilarning jig‘iga tegmaslikka harakat qildi va muvaffaqiyatga erishdi.

Turli ilmiy maqolalarda Shvetsiyaning pozitsiyasi harbiy mojarolarga aralashmaslik siyosatining ideal shakli sifatida keltiriladi. Bunday siyosat mustaqillikni saqlab qolish uchun derjavalar o‘rtasida muvozanatni saqlash va turli yoqimsiz rejimlar bilan ham hamkorlik qilish zaruratini talab etadi. Masalan, Ikkinchi jahon urushi yillarida Shvetsiya Uchinchi reyx va uning ittifoqchilari bilan savdo qilgan hamda do‘stona aloqalarni saqlab qolgan.

Ikkinchi jahon urushi yakunlangach va sovuq urush boshlangach ham Shvetsiya o‘ziga sodiq qoldi - NATOga ham, sharqiy blokka ham a’zo bo‘lib kirmadi. «Biz faol betaraflik siyosatini olib bormoqdamiz», degandi o‘shanda Shvetsiya bosh vaziri Ulof Palme. Ammo Shvetsiyani ham to‘la betaraf deb bo‘lmaydi. Urushdan keyingi davrda bu davlat G‘arb mamlakatlari va Amerika razvedkasi bilan faol hamkorlik qiladi, sotsialistik lager va SSSR qulagach bu hamkorlik faqat kuchayadi.

NATOning bugungi hujjatlarida Shvetsiya «neytral» ittifoqchi deb ataladi. Stokholm 1994 yilda NATO tomonidan tuzilgan «Tinchlik uchun hamkorlik» dasturining ilk ishtirokchilaridan bo‘lgandi, shved armiyasi va alyans muntazam ravishda qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazib keladi.

Shved harbiylari va mutaxassislari NATO rahbarligida BMT mandati bo‘yicha o‘tkazilgan barcha amaliyotlarda ishtirok etgan - Bosniya va Kosovoda, Malida, Xalqaro xavfsizlik kuchlari tarkibida Afg‘onistonda, YeI va NATOning Hind okeanida qaroqchilikka qarshi navbatchilik amaliyotlarida.

2011 yilda NATO tomonidan Liviyada Qazzofiy rejimiga qarshi amaliyoti vaqtida Shvetsiya harbiy harakatlar hududiga sakkizta Saab «Gripen» rusumli qiruvchi samolyotlari, «Golfstrim IV» razvedkachi samolyoti, yonilg‘i tashuvchi C-130 «Gerkules» samolyoti, shuningdek harbiy mutaxassislar guruhini jo‘natgandi.

2011 yil 24 sentyabrida Shvetsiya, Daniya va Norvegiya mudofaa vazirlari harbiy hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashgan. Shvedlar mudofaa vaziri Peter Hultkvist o‘shanda Shimoliy Yevropa va Boltiqbo‘yidagi vaziyat «siyosiy maqsadlarini amalga oshirish uchun harbiy kuchdan foydalanishga tayyor bo‘lgan» Rossiya aybi bilan yomonlashib borayotganini aytgandi.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top