22:25 / 18.03.2022
46447
Xitoy rahbari Bayden bilan muloqotda «ziddiyat va qarama-qarshiliklardan hech kim manfaatdor bo‘lmasligi» haqida gapirdi

Si Jinping AQSh va Xitoy global tinchlikni saqlash uchun birgalikda harakat qilishi kerakligini ta’kidlagan.

Huang Jingwen / Xinhua / Scanpix / LETA

XXR raisi Si Jinping va AQSh prezidenti Jo Bayden telefon orqali muloqot o‘tkazishdi. CNN xabariga ko‘ra, muloqot qariyb ikki soat davom etgan. Ikki mamlakat yetakchilari 2021 yil noyabridan buyon ilk bor gaplashishdi.

Muloqot tafsilotlarini hozircha AQSh prezidenti ma’muriyati ham, Xitoy hukumati ham ochiqlamadi.

«Sinhua» agentligi XXR raisi telefon so‘zlashuvida «Ukraina inqirozi — biz ko‘rishni istagan narsa emas» degani, shuningdek, «ziddiyat va qarama-qarshilik hech kimga foyda keltirmasligi»ni aytgani haqida qisqacha xabar berish bilan cheklangan.

Si Jinping Baydenga AQSh va Xitoy nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishi, balki xalqaro mas’uliyatni ham o‘z zimmasiga olishi kerakligini aytgan.

«BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari va ikki yetakchi iqtisodiyot sifatida, biz nafaqat Xitoy-Amerika munosabatlarini to‘g‘ri yo‘nalishga yo‘naltirishimiz, balki o‘z zimmamizga yuklatilgan xalqaro mas’uliyatni ham bajarib, dunyo tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida harakat qilishimiz kerak», deya Xitoy rahbarining so‘zlarini keltirgan «Sinhua».

  • Muzokaralar boshlanishidan oldin Reuters agentligi Bayden XXR raisini Rossiyaga Ukrainadagi urushda yordam bermaslikka chaqirishi kutilayotgani haqida xabar bergandi. G‘arbdagi manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Xitoydan qurol so‘ragan, Kreml buni rad etgan.
Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top