09:57 / 23.03.2022
417
Xorazmda o‘zbek-hind harbiy o‘quv-mashg‘ulotlari boshlanmoqda 

Xorazm viloyati, Yangiariq tumanidagi umumqo‘shin poligonida O‘zbekiston va Hindiston harbiylari hamkorligida «Do‘stlik-2022» o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

Foto: Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida imzolangan harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq, hindistonlik bir guruh harbiy xizmatchilar «Do‘stlik-2022» o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun Xorazm viloyatiga yetib kelishdi. 

Mehmonlar Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug (ShG‘HO) qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan Urganch xalqaro aeroportida kutib olindi. 

O‘zbekiston va Hindiston harbiylarining hamkorlikdagi ilk o‘quv-mashg‘ulotlari 2019 yilning noyabr oyida Toshkent harbiy okrugiga qarashli «Chirchiq» umumqo‘shin poligonida o‘tkazilgan edi.

Ikkinchi bor bunday mashg‘ulotlar 2021 yilning mart oyida Hindistonning Utaranchal shtati, Ranikxet provinsiyasi hududida joylashgan «Chaubatiya» o‘quv markazida tashkil etildi.

Mamlakatimizga harbiy sohada o‘zaro tajriba almashish, birgalikda o‘quv-jangovar vazifalarni bajarish maqsadida kelgan mehmonlar «Yangiariq» umumqo‘shin poligoniga joylashtirildi.

O‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davomida ikki davlat vakillari o‘quv-jangovar topshiriqlardan tashqari madaniy-hordiq tadbirlarida ham ishtirok etishadi.

Mavzuga oid
Top