16:04 / 31.03.2022
5400

Bolalar tug‘ilgandanoq ularni bog‘chalarga navbatga qo‘yish tizimi joriy etilgan – MTV

O‘tgan yildan boshlab chaqaloqqa guvohnoma olish paytida uni hududdagi eng yaqin maktabgacha ta’lim tashkilotiga navbatga qo‘yish tizimi ishlayapti.

Bugun, 31 mart kuni Maktabgacha ta’lim vazirligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni yaxshilash uchun ularni tug‘ilgandanoq navbatga qo‘yish tizimi ishlayotgani haqida ma’lumot berildi.

“Demografik o‘sish degan narsa bor: o‘tgan yilning o‘zida 800 mingdan oshiq bola tug‘ildi. Shuning uchun Maktabgacha ta’lim vazirligi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda o‘tgan yildan boshlab FHDYo organlarida bola tug‘ilgandanoq uni o‘ziga yaqin maktabgacha ta’lim tashkilotlariga navbatga qo‘yish joriy etilgan”, deya ma’lumot berdi vazirlik matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jayeva.

Vazirlik mutasaddisining qayd etishicha, ota-onalarda bog‘chani ixtiyoriy tanlash imkoniyati ham bor. Shuning uchun aksar bog‘chalarda navbatlar soni haddan ziyod oshib ketgan holatlar mavjud.

“Shuning uchun ota-onalardan iltimos qilardikki, o‘zlariga yaqin bo‘lgan bog‘chalarning navbati kamroqlarini tanlashsa, bola o‘z vaqtida bog‘chaga boradi. Ota-onalar davlat xizmatlari markazlariga borganda navbati kam bog‘chalar ro‘yxati ko‘rsatib beriladi.

Qolaversa, bolalar tug‘ilgandan ularni navbatga qo‘ydirishga ham e’tiborli bo‘lishlarini so‘raymiz”, deya qo‘shimcha qildi Mavluda Asqarxo‘jayeva.

Top