O‘zbekiston | 15:36 / 28.07.2023
50992
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Uchtepa tumanida bog‘cha bolalariga ma’ruza o‘qigan profilaktika inspektori voqeasiga to‘xtaldi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda mamlakat bo‘yicha kriminogen vaziyat murakkab bo‘lgan, «qizil» toifaga kiritilgan mahallalar eng ko‘p Toshkent shahri, Farg‘ona, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlariga to‘g‘ri kelgani ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tgan olti oyda mahalladagi o‘ta og‘ir va og‘ir jinoyatlar Farg‘ona, Toshkent viloyati, Toshkent shahri, Buxoro, Andijon, Qashqadaryo viloyatlarida eng ko‘p sodir etilgan.

Farg‘ona shahrida o‘g‘rilik, Namangan shahrida bezorilik, Qo‘qon shahrida tan jarohati, Samarqand shahrida nomusga tegish va tovlamachilik, Mirobod tumanida qotillik ko‘p yuz bergan.

Ijtimoiy-iqtisodiy muammosi hal etilmasa jinoyat yo‘liga kirish ehtimoli yuqori aholi qatlami bilan yangicha ishlash tizimi joriy qilingan edi.

Unga ko‘ra, bunday toifaga kiruvchi aholi «ijtimoiy profilaktika» tamoyili asosida «mahalla beshligi»ga nomma-nom biriktirilgan.

Lekin, Ichki ishlar, Kambag‘allikni qisqartirish vazirliklari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bu masalaning ichiga chuqur kirmagan, «mahalla beshligi» uchun na bir metodika, na bir qo‘llanma ishlab chiqqan.

Oqibatda ushbu yangi tizim 9 ming 400 ta mahalladan bor-yo‘g‘i 20 tasida ishlayapti.

«Nima ish qilish kerakligini bilmagan ayrim profilaktika inspektorlari esa bog‘chalarga borib, 3-4 yoshli bolakaylarga «oq-qorani farqlash» bo‘yicha ma’ruza o‘qish bilan band.

Tizimda staji 3 yilgacha bo‘lgan, endi tajriba to‘playotgan profilaktika inspektorlarini kriminogen og‘ir mahallaga qo‘yish amaliyoti haligacha davom etmoqda.

Aksincha, «yaxshi» mahallalarda esa ko‘p yillik tajribasi bor xodimlar xizmat qilmoqda», - dedi prezident.

Ichki ishlar vaziriga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish ishlari qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilgani ko‘rsatib o‘tildi.

  • Bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimlari bolalar bog‘chasida targ‘ibot tadbiri o‘tkazgani, hali esini ham tanimagan bolalarga xuddi kattalardek pand-nasihat qilgani aks etgan video tarqalgandi.
  • Keyinroq Keyinroq bu holat 18 iyul kuni Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi davlat bog‘chalaridan birida sodir bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Toshkent shahar MMTBga ko‘ra, IIO xodimlarini profilaktik tadbir o‘tkazish uchun bog‘cha direktorining o‘zi chaqirgan.

Mavzuga oid