09:31 / 04.04.2022
18789
Permda migrantlarga taksi va do‘konlarda ishlash taqiqlandi

2022 yilda mehnat patenti asosida ishlaydigan chet el fuqarolari Perm o‘lkasida 11 ta sohada ishga qabul qilinmaydi. Bu haqdagi farmonni o‘lka gubernatori Dmitriy Maxonin imzoladi.

Foto: datainnovation

30 martdagi hujjatda qayd etilishicha, xorijliklarga quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi: daraxt kesish, ushbu sohada xizmatlar ko‘rsatish, yog‘ochni kesish va tayyorlash, neft va gaz qazib olish, neft mahsulotlari ishlab chiqarish, tovarlar chakana savdosi, ixtisoslashtirilgan do‘konlarda ichimliklar va tamaki mahsulotlarining chakana savdosi, shahar, shahar atrofi va shaharlararo transportda yo‘lovchilarni tashish, taksichilik faoliyati. 

Qayd etilishicha, farmon mehnat resurslarini migrantlar va mahalliy aholi o‘rtasida taqsimlashga qaratilgan. Perm o‘lkasi tashkilotlariga muhojirlarni Rossiya fuqarolari bilan almashtirish uchun uch oy muddat berildi. Hozircha taqiq 2022 yil davomida amal qiladi. Migrantlarni ishga olgan kompaniya egalari jazoga tortiladi.

Joriy yil boshidan beri Rossiyaning 4 ta hududi turli tarmoqlarda migrantlarning ishlashiga taqiq joriy qilgan edi. Ular: Kaluga oblasti, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi, Tyumen va Kaliningrad oblastlari (2021 yil oktyabrdan). 

Bu hududlarda migrantlarga taksi va boshqa har qanday jamoat transportini boshqarish, bolalar ovqatlarini ishlab chiqarish, ta’lim sohasida ishlash, oziq-ovqat mahsulotlarini sotish, oziq-ovqat yetkazib berish, sog‘liqni saqlash sohasida ishlash taqiqlangan. 

Mamlakatning ba’zi hududlarida migrantlarga tarjimon, kotib, muharrir, kadrlar bo‘yicha xodim, moliyachi, buxgalter lavozimlarida ishlash, shuningdek, tog‘-kon, yog‘och savdosi, baliqchilik, ovchilik va yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish bilan bog‘liq ishlarga kirish taqiqlangan. Shuningdek, xorijiy fuqarolarga bozor rastalarida ishlash, ko‘chma do‘konlarda ovqat pishirish va sotish taqiqlanadi. 

Shu bilan birga, ba’zi hududlarda migrantlarni taqiqlangan sohalardagi ishga jalb qilganlarga katta jarimalar joriy etilgan. Yuridik shaxslarga - bir million rublgacha, mansabdor shaxslarga - 50 ming rublgacha, migrantni yollagan jismoniy shaxslar ham jarimaga tortilishi mumkin (ikki mingdan to‘rt ming rublgacha). 

Top