18:37 / 12.04.2022
5366
«Hududlarning dori vositalari bilan ta’minlanganlik holati mutlaqo qoniqarsiz» - prezident
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident huzurida farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.

Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasida mamlakatda dori vositalari ishlab chiqarishni 3 baravarga oshirish vazifasi qo‘yilgan. Bu borada yanvarda besh yillik dastur ham qabul qilindi.

«Lekin sohada ishlarning bugungi holati bilan bu marralarga erishib bo‘lmaydi», dedi davlat rahbari.

Mamlakatda yiliga 1,6 milliard dollarlik 1,5 mingdan ziyod turdagi farmatsevtika mahsulotlari iste’mol qilinadi. 
Shundan 647 turdagi dori va tibbiy buyumlar o‘zimizda ishlab chiqarilgani bilan, har yili qariyb 1,2 milliard dollarlik mahsulotlar import qilinmoqda.

Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro va Farg‘onada iste’mol qilinadigan dorining atigi 2-5 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.

«Hududlarning dori vositalari bilan ta’minlanganini tahlil qildim – bu mutlaqo qoniqarsiz. Shuning uchun o‘zimizda ishlab chiqarilgan dori vositalarini ko‘paytirish bo‘yicha keskin choralar ko‘rishimiz shart», dedi prezident.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra barcha farmatsevtika korxonalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ular tomonidan 50 ga yaqin muammo ko‘tarildi. Misol uchun:

  • tibbiyot muassasalari tomonidan davlat xaridlarida dori vositalarini “savdo nomi” bilan joylashtirish, bir necha dorilarni bitta lotga qo‘yish holatlari mavjud;
  • mahalliy ishlab chiqaruvchilar amaliyotda 15 foizlik narx preferensiyasidan foydalana olmayapti;
  • tashqi omillar hisobiga 150 turdagi aholi uchun kerakli dori vositalarida uzilish bo‘lishi xavfi mavjud;
  • korxonalar bilan mahsulotini 3 yil davomida kafolatli sotib olish (ofteyk) tizimini joriy qilish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanmadi.

Bundan tashqari, ichki bozorda qalbaki va kontrafakt dorilar sotilishiga haligacha barham berilgani yo‘q.

Misol uchun, 2021 yilda 24 turdagi qalbaki, 400 turdagi sifatsiz, 1,5 mingdan ziyod nomdagi kontrafakt va 2,5 ming nomdagi ro‘yxatdan o‘tmagan dori va tibbiyot buyumlari savdosi aniqlangan.

Bosh prokuraturaga bu boradagi nazoratni kuchaytirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning sa’y-harakatlarini birlashtirish lozimligi ta’kidlandi. 

Bu faqat Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining ishi emasligi, balki:

  • Sog‘liqni saqlash vazirligi talabni shakllantirishi va sifatli mahalliy dorilarni qidirib topishi;
  • Moliya vazirligi kafolatli davlat xaridlarini joriy qilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirishi;
  • Investitsiya va tashqi savdo vazirligi yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, loyihalarni ko‘paytirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

«Agar viloyat hokimlari 200 dan ziyod farmatsevtika korxonalari bilan uchrashib, masalaning ichiga kirganida edi, ko‘p muammolar joyida hal bo‘lardi», dedi prezident.

Top