17:19 / 21.04.2022
14655
«Lukoyl» prezidenti Vagit Alekperov ishdan ketdi

Rossiyaning «Lukoyl» neft va gaz kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperov o‘z vazifadan ketdi. U direktorlar kengashini ham tark etgan. «Lukoyl» Rossiyadagi eng yirik xususiy neft kompaniyasi hisoblanadi.

Foto: RIA Novosti

Alekperov «Lukoyl»dan o‘z ixtiyoriga ko‘ra ketgan. Milliarder bu haqda direktorlar kengashi yig‘ilishida e’lon qilgan. Forbes neft sohasida Rossiyadagi eng yirik tadbirkor ekanini e’tirof etadigan Alekperov uzoq vaqt «Lukoyl»ning asosiy aksioneri bo‘lib kelgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra esa ortiq bunday emas. Alekperov 31 mart holatida faqat 3,12 foiz aksiyalar egasi hisoblanadi.

Forbes Alekperovning boyligini 10,5 milliard dollarga baholaydi. Jurnal hisob-kitoblarga ko‘ra, «Lukoyl»ning endilikda sobiq rahbari rossiyalik eng boy milliarderlar orasida 10-o‘rinda qayd etilgan. Rossiya Ukrainada urush boshlagach, ko‘plab yirik rus korxonalarida bo‘lgani kabi «Lukoyl»ning ham aksiyalari arzonladi. Shu sabab Alekperov milliardlab dollar pul yo‘qotdi.

3 mart kuni «Lukoyl» Ukrainadagi mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan va qurolli to‘qnashuv tezroq tugashi tarafdori ekanini ma’lum qilgan. 13 aprel kuni Vagit Alekperov Britaniya sanksiyalariga tushgandi.

Mavzuga oid
Top