15:59 / 21.04.2022
10016
“Repetitor, talaba, yuqori sinf o‘quvchilari...” – 200 dan oshiq o‘qituvchi attestatsiyaga o‘zining o‘rniga boshqalarni kiritgani aniqlandi 

Ta’lim inspeksiyasi qariyb bir oydan buyon davom etayotgan attestatsiyada o‘qituvchilar imtihonga o‘z o‘rniga boshqalarni kiritayotgan holatlar aniqlanganini ma’lum qildi. Boshqalarning o‘rniga kirganlarga tegishli choralar qo‘llanadi.

Foto: Ta’lim inspeksiyasi

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining ma’lum qilishicha, bu yilgi attestatsiya imtihonlarida 280 mingdan oshiq o‘qituvchi qatnashyapti. Ularning 70 foizini navbatdan tashqari imtihon topshirayotganlar tashkil qiladi. 

“O‘tkazilayotgan malaka test sinovlarida har bir talabgor Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari tomonidan tekshirib kiritilishi hamda nazoratchilar tomonidan tegishli choralar ko‘rilishiga qaramasdan, ayrim o‘qituvchilar tomonidan o‘z o‘rniga boshqa shaxslarni kiritishga urinish bilan bog‘liq qoidabuzarlik holatlari kuzatilmoqda.

Achinarlisi, bu jarayonlarga aksariyat hollarda oliy ta’lim muassasalari talabalari, yuqori sinf o‘quvchilari yoki repetitorlik bilan shug‘ullanuvchi soha vakillari ham jalb qilinyapti”, deyiladi inspeksiya xabarida.

Qayd etilishicha, hozirgacha 200 dan ortiq o‘rniga-o‘rin kirish holatlari aniqlanib, dalolatnoma tuzilgan va bu talabgorlar imtihondan chetlatilgan, natijalari bekor qilingan. O‘zi testga kirmayotgan holatlarning aksari ko‘ngilli bo‘lib attestatsiya topshirayotgan o‘qituvchilar orasida aniqlangan.

“O‘rniga kirish holatlarini aniqlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faol harakat qilib, qoidabuzarlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda jarima belgilanmoqda.

Bundan tashqari, o‘z o‘rniga boshqa shaxslarni kiritgan pedagoglarning ish joylariga, hamda bu jarayonga aralashib qolayotgan o‘quvchi va talabalarning o‘qish joylariga taqdimnomalar yuboriladi”, deb ma’lum qildi inspeksiya matbuot xizmati.

Top