Maktab o‘qituvchilariga 7,8 mlrd so‘mlik ta’til pullari undirib berildi
Mehnat kodeksini amalga kiritishga doir normativ hujjatni qabul qilish kechikishi ortidan qator tumanlarda pedagoglarning ta’til pullari kamayib ketgandi. Muammo bartaraf etilgach, kasaba uyushmalari tomonidan 8 ming 243 nafar pedagog xodimning ta’til pullari qayta hisob-kitob qilinib, xodimlar foydasiga 7 mlrd 825 mln 86 ming so‘m mablag‘ undirib berilgan.
2023 yil aprel oyida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi kuchga kirdi. Kodeksdagi o‘zgarishlarga muvofiq, hamma ta’tillarni ish kunida hisoblashdan kalendar kunida hisoblashga o‘tildi.
Yangi Mehnat kodeksiga muvofiq, pedagog xodimlar ish vaqtining aniq davomiyligi va yillik uzaytirilgan mehnat ta’tilining davomiyligi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadigan bo‘ldi.
Ammo bu boradagi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi kechikishi ortidan turli hududlarda Mehnat kodeksi har xil talqin qilindi. Natijada ayrim ta’lim muassasalarida pedagoglarning ta’til pullari kamayib ketdi. Kun.uz bu masalani atroflicha yoritgandi.
Shundan keyin 27 iyun kuni hukumat qarori bilan pedagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili davomiyligi me’yorlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, maktab o‘qituvchilarining mehnat ta’tili 56 kun deb belgilandi.
Yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili uchun haq to‘lashda yakshanba va bayram kunlari inobatga olinmaydi, bu maktab o‘qituvchilariga 56 kalendar kuni miqdorida mehnat ta’tili berilib, shundan 48 ish kuni uchun haq to‘lanishini anglatadi.
Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi xabariga ko‘ra, kasaba uyushmalari tashabbusi bilan 8 ming 243 nafar pedagog xodimning ta’til pullari qayta hisob-kitob qilinib, ular foydasiga 7 mlrd 825 mln 86 ming so‘m mablag‘ undirib berilgan.
Mavzuga oid
16:40 / 18.12.2024
Qishki ta’til vaqtida Toshkentdan Samarqand va Urganchga qo‘shimcha poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
10:53 / 05.12.2024
Talabalar uchun qishki ta’til 25 dekabrdan boshlanadi
09:42 / 26.05.2024
Maktab bitiruvchilari soni bo‘yicha Samarqand viloyati yuqori o‘rinni egalladi
09:13 / 25.05.2024