10:28 / 22.04.2022
949
Qoraqalpog‘istonlik maktab o‘quvchisi xasta inson uchun yig‘ilayotgan ehson pullarini o‘zlashtirib oldi

Farzandini davolatish uchun saxovatli insonlardan yordam so‘rab internetda hisob ochgan angrenlik ayolning pullarini o‘zlashtirib olgan qoraqalpog‘istonlik maktab o‘quvchisi ushlangan.

Foto: IIBB axborot xizmati

IIVning xabar berishicha, Angren shahri “Taraqqiyot” MFYda yashovchi 45 yoshli fuqaro M.S. (ayol) IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U farzandini davolatish uchun moddiy yordam yig‘ish maqsadida ijtimoiy tarmoqqa e’lon qilgan plastik kartasi hisobiga 600 ming o‘tkazishini aytib qo‘ng‘iroq qilgan noma’lum kimsa aksincha uning hisobidan 2 mln so‘mni yechib olganini ma’lum qilgan va holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Arizaga asosan Toshkent viloyati IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish hamda shahar IIB JQB tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatni – Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan J.A. (11-sinf o‘quvchisi) sodir etgani aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan fuqaro J.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top