O‘zbekiston | 07:42 / 22.08.2023
12364
4 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura «charjbek» naqdsiz hisob-kitob tizimida yangi firibgarlik vositasi ekanini xabar berdi

Boshqa shaxsning bank kartasiga tovar xarid qilib, keyinchalik, kartaning haqiqiy egasi e’tiroziga ko‘ra to‘lovlar bank tomonidan bekor qilinmoqda.

Foto: Sputnik

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, bu jinoiy sxema O‘zbekistonda allaqachon keng tarqalib, bir qator tadbirkorlik sub’yektlari bunday noqonuniy xatti-harakatlardan jabr ko‘rmoqda. 

«Charjbek» – bu karta egasi tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi bank orqali bank karta operatsiyasiga e’tiroz bildirish va bekor qilish tartibi. Dastlabki himoya funksiyasiga qaramay, «charjbek» mexanizmi noto‘g‘ri daromad ko‘rish uchun tobora ko‘proq foydalanilmoqda.

Masalan, mijoz internet-do‘kondan 8 million so‘mlik noutbukni boshqa shaxsning bank kartasi orqali onlayn to‘lov bilan xarid qiladi. Bir muddat vaqt o‘tgach, bu kartaning qonuniy egasi bunday operatsiyani amalga oshirmagani sababli xizmat ko‘rsatuvchi bankka to‘lovni qaytarishni (charjbek) talab qiladi.

Bank bu mablag‘ni tovar sotuvchisi hisobidan chiqarib, mijozga 8 million so‘m qaytaradi. Sotuvchi xarid ma’lum bir to‘lovchi tomonidan amalga oshirilganini isbotlay olmaydi, chunki u mijoz shaxsiga aniqlik kiritish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rmagan.

Bunday holatlarda tegishli choralar ko‘rilmagani, «charjbek» mexanizmidan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida kompaniyalar zarar ko‘rmoqda. 

Qayd qilinishicha, ayni paytda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan charjbek firibgarligini tekshirish va oldini olishning aniq uslubi ishlab chiqilmagan. 

Banklarda ham ushbu mexanizm bilan bog‘liq holatlarni aniqlash va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha hozircha maxsus tartiblar mavjud emas. Biznesga oid yo‘qotishlarni kamaytirish uchun ushbu masalalar doirasida qo‘shimcha ishlar qilinishi zarurligi ta’kidlanmoqda. 

O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda chakana to‘lovlarning umumiy hajmida to‘lov kartalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan operatsiyalar ulushi 65 foizga yetdi. Bu bilvosita «charjbek» potensial xavflarining ortib borayotganidan dalolat beradi. 

Oddiy firibgarlik sxemasidan farqli o‘laroq, «charjbek» tartibi to‘lovni qabul qilib oluvchining aybini isbotlashni talab qilmaydi. Mijoz tomonidan olingan tovar/xizmatlarning yo‘qligi yoki kompaniya firibgarlikda gumon qilinganligi haqidagi shikoyatning o‘zi yetarli. Isbotlash majburiyati tadbirkor zimmasiga tushadi, bu masofaviy savdo sharoitida qiyin, ayniqsa mijoz boshqa davlat fuqarosi bo‘lsa.

Sud amaliyotining tahlili «charjbek»dan noto‘g‘ri foydalanish sxemalarini ko‘rsatmoqda: keyinchalik qaytarib berish sharti bilan tovarlarni haqiqatda qaytarib bermasdan sotib olish; o‘g‘irlangan, deb e’lon qilingan karta orqali to‘lov qilish, qonuniy egasi tomonidan charjbek maqsadida boshqa fuqaroning kartasidan foydalanish; yetkazib berish orqali xarid qilish, lekin go‘yoki qabul qilinmadi, degan vaj orqali charjbek operatsiyasini amalga oshirish.

Qabul qilingan mablag‘larning qonuniyligini isbotlash vaqt va moliyaviy xarajat talab qiladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘qotishdan tashqari, bitimlar bo‘yicha tez-tez e’tirozlar kelib tushishi oqibatida kompaniyalar o‘z obro‘siga putur yetkazadi va jarima to‘lashga olib keladi.

«Charjbek» xavfini minimallashtirish uchun mutaxassislar quyidagilarni tavsiya qiladi: birinchidan, to‘lovni amalga oshiruvchi shaxsini to‘liq tekshirish; ikkinchidan, xaridor va sotish parametrlari haqidagi ma’lumotlarni yozib olish. 

Mavzuga oid