17:23 / 30.04.2022
25970
Britaniyalik milliarder «Chelsi»ni rekord summaga sotib olishini bildirdi

Jim Retkliff klubni «Real Madrid», «Barselona» yoki «Bavariya» bilan teng klubga aylantirmoqchi. 

Foto: Martin Rickett/PA Images via Getty Images

Buyuk Britaniyaning eng badavlat odamlaridan biri Jim Retkliff Roman Abramovichning «Chelsi» klubini sotib olish uchun 5,3 mlrd dollar taklif qildi. Agar ushbu kelishuv amalga oshsa, bu sport klubining tarixda eng qimmat narxga sotib olinishi bo‘ladi, deb yozadi The New York Times.

Retkliff klubni «chiroyli o‘yin muxlisi sifatida» sotib olmoqchiligini va unga daromad olish vositasi sifatida qaramayotganligini bildirdi. U o‘z taklifi doirasida «Chelsi»ga 10 yil davomida 2,1 mlrd dollar sarmoya kiritishga va’da berdi. Mablag‘lar shuningdek, «Stemford Bridj» stadioni rekonstruksiyasi uchun yo‘naltiriladi — bu Abramovichning klubni sotishdagi sharti hisoblanadi.  

«Biz Londonda shaharning maqomini aks ettiruvchi klub bo‘lishi kerak deb hisoblaymiz», — dedi Retkliff.  

U klubni «Real Madrid», «Barselona» yoki «Bavariya» bilan teng klubga aylantirmoqchiligini qo‘shimcha qildi.

Kelishuv amalga oshadigan bo‘lsa, Retkliff yana 3,1 mlrd dollarni ukrainaliklarni qo‘llab-quvvatlash xayriya fondiga ajratishni o‘z zimmasiga oladi.  

Forbes Real-Time ma’lumotlariga ko‘ra, Retkliffning boyligi 15,2 mlrd dollar deb baholanadi. Retkliff Monakodagi OGC Nice futbol klubi va Shveytsariyaning FC Lausanne-Sport jamoasiga egalik qiladi.  

Abramovich Buyuk Britaniya unga nisbatan sanksiyalar kiritganidan so‘ng «Chelsi»ni sotuvga qo‘yishga majbur bo‘ldi. Milliarder klubga qariyb 20 yil egalik qildi.

Top