“U yoki bu tomonni tanlashni so‘ramaymiz” - Devid Kemeron Britaniyaning Markaziy Osiyoga munosabati haqida
Buyuk Britaniya Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash niyatida, shu bilan birga, mintaqa davlatlaridan u yoki bu tomondan birini tanlashni so‘ramaydi. Bu haqda Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron 23 aprel kuni Toshkentga tashrifi vaqtida jurnalistlar savollariga javoban aytib o‘tdi.
“Biz savdo va biznes investitsiyalari, yashil o‘sish va iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilish uchun sarmoya kiritish kabi masalalarda hamkor bo‘la olamiz, deb o‘ylayman. Ta’lim va ingliz tilini targ‘ib qilish borasida juda yaxshi hamkor bo‘la olamiz, deb o‘ylaymiz. Shu bilan birga, biz mintaqa mamlakatlarini qandaydir tanlov qilishingiz kerak deb majburlamaymiz. Biz o‘z hamkorligimizni taklif qilmoqdamiz, tanlovni amalga oshirish esa sizning ixtiyoringizda. Ayni paytda biz juda yaxshi hamkormiz deb o‘ylaymiz”, – dedi Britaniya diplomatiyasi rahbari, Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlarini London qanday qo‘llab-quvvatlashi haqidagi savolga javoban.
Devid Kemeron Buyuk Britaniya tomoni O‘zbekiston bilan hamkorlikning qaysi jabhalarini ustuvor deb hisoblashi, shuningdek, Rossiya propagandasi fonida OAV erkinligining roli qanchalik muhimligi haqidagi savollarga ham javob berdi.
“Avvalo, biz ommaviy axborot vositalari erkinligi muhim deb hisoblaymiz. Prezidentingiz, mamlakatingiz demokratiya tarafdori, ommaviy axborot vositalari erkinligi tarafdori ekanidan xabardorman. Biz ham bularning tarafdorimiz. Har bir davlat bu narsalarga o‘z nuqtayi nazari bilan qarashi va o‘z qoidalari o‘z mamlakatiga mos kelishiga ishonch hosil qilishi kerak. Ammo demokratiya har doim bahs-munozara, muhokamalardan iborat.
Mamlakatingizni va bu mintaqani qanday qo‘llab-quvvatlashimiz mumkinligi nuqtai nazaridan, menimcha, iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash muhim deb o‘ylaymiz. Biz mintaqaga rivojlanish uchun ajratilayotgan yordam dasturimizni ikki baravar oshirdik. Fikrimizcha, biz savdo bo‘yicha ko‘proq hamkorlik qilishimiz, investitsiyalar bo‘yicha yangi marralarni zabt etishimiz mumkin, ayniqsa iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun yashil investitsiyalar bo‘yicha. Bularning barchasi ikki mamlakat uchun foydali deb o‘ylayman. Bunday hamkorlik sizning mustaqilligingizni, rivojlanish va farovonligingizni oshiradi va pirovardida bizning xalqlarimiz ham buni xohlaydi”, – dedi ingliz diplomatiyasi rahbari.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirining 1997 yildan keyingi davrdagi O‘zbekistonga ilk tashrifi vaqtida Keng qamrovli sherikchilik to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda Mintaqaviy va xalqaro bog‘liqlik hamda infratuzilma sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.
Tashrifdan avval Kun.uz Devid Kemeronning maqolasini e’lon qilgandi. Unda Britaniya–MO hamkorligini yangi darajaga ko‘taradigan ustuvor yo‘nalishlar haqida so‘z yuritilgan.
Mavzuga oid
22:34 / 04.11.2024
Britaniya qiroli Charlz III o‘z ukasini ta’minot pullaridan mahrum qilmoqchi
20:21 / 04.11.2024
Britaniyada minglab xodimlar to‘rt kunlik ish haftasi bo‘yicha eksperimentga qo‘shildi
16:23 / 03.11.2024
Britaniyada birinchi marta qoratanli ayol konservatorlar partiyasiga rahbar bo‘ldi
19:50 / 30.10.2024