14:15 / 02.05.2022
37926
Lavrov Hitlerda ham “yahudiy qoni bo‘lgani”ni iddao qildi. Isroil undan uzr so‘rashni talab etdi

Rossiya TIV rahbarining fikricha, “eng ashaddiy antisemitlar yahudiylarning o‘zlaridan chiqqan”. Isroil tashqi ishlar vaziri buni “kechirib bo‘lmaydigan, kishini g‘azablantiradigan, o‘ta qo‘pol tarixiy xato” deb atadi.

Foto: Yuri Kochetkov / Pool via REUTERS

Rossiya Ukrainaga bosqin boshlaganidan buyon Kiyevda hokimiyat natsistlar qo‘lida ekanini aytib keladi. Ukraina tomoni va bosqinni qoralayotgan insonlar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yahudiy millatiga mansubligi, shu sabab mamlakat rahbariyatini natsizmda ayblash mantiqsizligini aytib keladi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Italiyaning Mediaset telekanaliga bergan intervyusida shu haqdagi savolga javob berdi.

“U (Zelenskiy) shunday argumentni aytyapti: agar u yahudiy bo‘lsa, ularda qanaqa natsifikatsiya bo‘lishi mumkin. Adashayotgan bo‘lishim mumkin, lekin Hitlerda ham yahudiy qoni bo‘lgan. Bu mutlaqo hech narsani anglatmaydi. Dono yahudiy xalqi aytadiki, eng ashaddiy antisemitlar, odatda, yahudiylardir. Bizda esa “har oilaning o‘z ahmoq a’zosi bor” deyishadi”, – deya Lavrovning so‘zlarini keltirdi RF TIV matbuot xizmati.

Isroil tashqi ishlar vaziri Yair Lapid rossiyalik hamkasbining iddaosini “o‘ta qo‘pol tarixiy xato” deb atadi.

“Tashqi ishlar vaziri Lavrovning ta’kidi kechirib bo‘lmaydigan va kishini g‘azablantiradigan bo‘lishdan tashqari, o‘ta qo‘pol tarixiy xatodir. Yahudiylar Holokostda o‘zlarini o‘zlari o‘ldirishmagan. Irqchilikning eng quyi darajasi – yahudiylarning o‘zini antisemitizmda ayblashdir”, – deya yozdi Lapid Twitter sahifasida.

Isroil, uning so‘zlariga ko‘ra, Lavrovdan bu borada uzr so‘rashini kutadi. Isroildagi rus elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan.

Rossiyalik vazirning so‘zlarini Isroilda TIV rahbaridan tashqari boshqa qator siyosatchilar va jamoat tashkilotlari rahbarlari qoralab chiqdi.

Top