12:17 / 04.05.2022
24744
Surxondaryoda sel yengil mashinani oqizib ketdi

2022 yil 3 may kuni yog‘ib o‘tgan yomg‘irlar Surxondaryo viloyatining bir qator hududlarida kuchli sellarni keltirib chiqardi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Jumladan, Boysun tumanida yog‘gan qisqa muddatli kuchli yomg‘ir oqibatida tumanning Machay, Yuqori Machay va Darband qishloqlarida sel oqimi kuzatilgan. Sel suvlari Machay, Yuqori Machay qishloqlarining ichki yo‘llariga hamda M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Darband qishlog‘i hududidan o‘tgan qismiga toshgan.

Bundan tashqari, Sariosiyo tumani tog‘li hududining “Xonjiza” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Xursandsoy soyida suv hajmi ortib, soy chetiga o‘rnatilgan 2 dona 110 kVt kuchlanishli metall konstruksiyali ustun ostini yuvib ketgan. Oqibatda ushbu ustunlar yiqilgan. Ayni vaqtda ushbu elektr ustunlarini demontaj qilish ishlari olib borilmoqda. Hozirda xavfsizlik nuqtayi nazaridan vaqtinchalik elektr ta’minotidan uzilgan.

Shu bilan birga, Sangardak soyi tepaliklaridan oqib tushgan yomg‘ir suvlari tuproq va qum-shag‘allarni ichki yo‘llarga oqizib kelgan.

Garchi FVV axborot xizmati o‘z ma’lumotida Surxondaryoda sodir bo‘lgan sellarda aholi mulkiga zarar yetmagani haqida yozgan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Sangardak soyida yengil mashina oqib ketganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, sel aholining chorva mollarini ham oqizgan.

Mavzuga oid
Top